Aziz vatandoshlar, har bir kuningiz Navroʻz boʻlsin!
Necha ming yillik tarixga ega asl milliy bayramimiz – Navroʻzi olamni yosh-u keksa shodumonlikda qarshi olishi bejiz emas. Boisi Navroʻz – yaʼni Yangi kun yurtimizda azal-azaldan koʻklamning haqiqiy hukmronligi boshlanishi sifatida ham nishonlangan, shu kuni dehqonlar yaxshi niyatlar bilan yerga urugʻ sochishgan, urugʻlar barakali boʻlishini tilab, duo qilishgan.
Hamjihatlikda qoʻni-qoʻshnilar toʻplanishib, sumalak pishirishi haqiqiy sayl tusini olgan. Sumalak pishirish barobarida yigitlar oʻtin yorib, suv tashib, oʻzlarining abjirligini, kuchliligini, qizlar-kelinlar pazandaligini, odobliligini namoyish qilishgan. Keksa nuroniy onaxonlarning laparlari, yigit-qizlarning aytishuvlari saylga oʻzgacha ruh bagʻishlagan. Tayyor boʻlgan sumalak el-ulusga tarqatilgan.
Ajdodlarimizdan ming yillar osha bizgacha yetib kelgan, necha bor taʼqib etilib, eskilik sarqiti, deya boʻhtonlarga uchragan Navroʻz bayrami mustaqillik yillarida qadr topdi, xalqimiz hayotidan teran joy oldi, yangi maʼno-mazmun kasb etdi.
Prezidentimizning “2018-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qarori asosida butun mamlakatimizda boʻlgani kabi tumanimizning barcha hududlarida, mehnat jamoalarida bayram tantanalari allaqachon boshlanib ketdi.
“Aziz vatandoshlar, har bir kuningiz Navroʻz boʻlsin!” degan ezgu gʻoya ifodalangan madaniy-maʼrifiy tadbirlar har bir yurtdoshimiz koʻngliga oʻzaro mehr-oqibat, doʻstlik-birodarlik tuygʻularini joylamoqda, shu aziz Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilishga chorlamoqda.
Navroʻzi olam ana shunday mohiyatan ezgulikka xizmat qiluvchi bayram boʻlgani bilan aziz va muqaddasdir.
Aziz yurtdoshlar!
Qarshi olayotganimiz – Yangi kun barchangizga qutlugʻ boʻlsin! Barchangizga sogʻlik-omonlik, Vatanimiz ravnaqi yoʻlidagi mehnatlaringizga baraka tilaymiz. Hayotingizning har kuni Navroʻz boʻlsin!
TAHRIRIYaT.
Foto: OʻzA

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶