NAVROʻZIM
Qizlar qilib sochiga, tol bargagin chambarak,
Bugun bayram-la qutlar, Yer-u osmonlar – falak
Qozonlarda biqirlab, qaynar tansiq sumalak,
Elning ardogʻidasan, oy, quyoshim, yulduzim –
Bizga asrlar osha yetib kelgan Navroʻzim!
Navroʻz – asli Yangi kun – yilning boshi, degani,
Keling somsa, sumalak, koʻk chuchvara yegani.
Tillar loldir shaʼningga, shirin bir soʻz degani,
“Ochil dasturxon”ingga, tushib ketsa gar koʻzim -
Koʻzni qamashtiradi, noz-neʼmating, Navroʻzim!
Tarqaladi qaygʻu-gʻam, tarqalar alam bugun,
Taʼrifingni yozishga, ojizdur qalam bugun.
Doʻstlar oʻynab-kulinglar, Navroʻzi olam bugun,
Mehmon kelsa kutgumdir, qoʻlimda non-u tuzim–
Umidim, nasibamsan ham rizqimsan, Navroʻzim!
Necha asrlarga teng, sening moʻʼtabar yoshing,
Bugun qayta osmonda, porlab turar quyoshing.
Elimizda tabarruk boʻlgan sumalak oshing,
Navbahor kelinchagi –Yangi kun – rizqu-roʻzim –
Mustaqillik davrida, qayta kelgan Navroʻzim!
Kishilar orasidan, mehr-oqibat ketdi,
Qatagʻon-u turgʻunlik yillar boshingga yetdi...
Nihoyat, erkin davron, ozodlik nasib etdi,
Asrlik pardangni och, och endi yuz-u koʻzing –
Munofiqlar kuysinlar, shaʼning koʻrib, Navroʻzim!
Mustaqillik davrida, tozalanib, poklanib,
Istagimiz, yurgaysan, tuhmatlardan saqlanib.
Oldda turar qanchalar, muammolar taxlanib,
Rejalarni yechishda, mayoq–yoʻlchi yulduzim –
Pahlavonim, botirim, zabardastim, Navroʻzim!
Kuy-qoʻshiqlar tinmasin, yurtimiz boʻlsin obod,
Jahon ahlin uygʻotsin, boʻlsin ellar ozod, shod.
Shaʼningga gʻazal bitdi, gʻazalxoning Shomurod,
Toki tanda jonim bor, kuylagayman chin soʻzim –
Xalqim ardogʻida boʻl, xalq bayrami – Navroʻzim!
Shomurod XOʻJANOV,
“Doʻrman” ovuli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶