Qozonlarda sumalaklar qaynadi
Sumalak – Navroʻzning shoh taomi. Navroʻz arafasida yoshi ulugʻ onaxonlar boshchiligida hamjihatlikda bu taomni tayyorlash azaliy odatlarimizdan biri sifatida davom etib kelmoqda.
Bayram arafasida Amudaryo Qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji hovlisida ham sumalak qaynatish uchun doshqozonlar oʻrnatildi. Kollej pedagogik jamoasi tomonidan tashkillashtirilgan sumalak tayyorgarligida oʻqituvchi va taʼlim ustalaridan tashqari oʻquvchilar ham ishtirok etdilar. Kelida bugʻdoy tuyish, suv keltirish, oʻtin yorish kabilardan soʻng, dasturxon yozilib osh tortildi. Barchani birdamlikka chaqirgan sumalak marosimi oʻyin-kulgu va bayramona kayfiyatda oʻtdi.
Kollej jamoasi hamjihatligida tayyorlangan shoh taom – sumalak tumanning Navroʻz bayrami saylida barchaga ulashildi.
***
Bahor elchisi, navroʻz nishonasi sumalak pishirishni 36-maktab jamoasi ham maktab hovlisida katta qozonlar oʻrnatib, qizgʻin tayyorgarlik bilan boshlab yuborishdi. Oʻqituvchilarning xayrixohlik bilan boshlagan ishlariga oʻquvchilar ham bosh qoʻshdilar. Qozonga bugʻdoy shirasini quyish, oʻchoqqa oʻt yoqish kabi ishlar tugallanib oʻyin-kulgiga ulandi.
36-maktab jamoasining ahilligida maromiga yetib pishgan sumalak “Boyovul” va “Chordara” mahallalari ahliga tarqatildi.
***
“Choykoʻl” ovulidagi “Yuqori tuvulgʻa” aholi punktida namunaviy loyihada qurilgan uy-joylarga koʻchib kelgan yangi qoʻshnilar mahallada Navroʻzni birdamlik bilan kutib olish uchun sumalak qaynatishga ahd qilishdi. Bir-biriga tezda oʻrganib ketgan yangi mahalla ahli bugʻdoy undirishdan tortib, sumalak yetilib pishgunga qadar boʻlgan ishlarni hamjihatlikda bajardilar.
Mahalladagi barcha oila yangi kun – Navroʻzni doshqozon toʻla sumalak bilan qarshi oldilar.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶