Sektor rahbari mahallada sayyor qabul oʻtkazdi
Fuqarolarning murojaatlarini joylarga chiqib tinglash va ular hayotiga oid muammolarni hal etishga koʻmaklashish, taklif va istaklarini oʻrganish hamda yechimini kutayotgan muammolarni nazorat ostiga olish va ularni bartaraf etish yuzasidan samarali mexanizmlarni yaratishda hududlar boʻyicha faoliyat olib boruvchi sektorlarning ahamiyati kattadir.
Joriy yilning 26-may kuni tumanimizning “Bogʻ” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan 2-sektor rahbari tuman prokurori J.Mutfullayev ishtirokidagi sayyor qabul yigʻilishida mahalla fuqarolari hayotiga doir dolzarb masalalar muhokama etilib, aksariyat muammolar joyida hal etildi.
Sayyor qabul kuniga bagʻishlangan yigʻilishda “Bogʻ” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi fermer xoʻjaliklari hamda tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari, mahalla faollari va mahalla imomlari, hudud boʻyicha birkitilgan profilaktika inspektori, shuningdek ommaviy axborot vakillari ishtirok etdilar.
Sayyor qabul kunida 2-sektor rahbari, tuman prokurori J. Muftullayev soʻzga chiqib fuqarolarning bironta ham murojaati eʼtiborsiz qoldirilmasligi haqida gapirib, bu boradagi qonunchilik normalari xususida tushuncha berdi. Shundan soʻng, J.Muftullayev sayyor qabulga navbatga yozilgan fuqarolarning murojaatlarini tingladi. Xususan, Norimboy Karimovning mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, Yangiboy Xolniyozovning suyultirilgan gaz ballonlarini mahalla hududiga keltirib tarqatish, Erkinboy Jumanovning “Bogʻ yop” kanalini qazish, Jumamurod Erjonovning shaxsiy muhr ishlatish, Gavhar Xolboyevaning fuqarolik pasporti olish, Qurol Rahimovning aholi punkti hududidagi 4 km yoʻlni asfalt qilish, Xatira Jumanovaning kollej oʻquvchilari uchun yoʻl haqini arzonlashtirish, mahalla hududidagi 500 metrlik ichki kollektorni tozalash, Shukurjon Erimbetovaning mahalla hududiga MTM binosi qurish, Farhod Xolniyozovning xonadonlarni telefonlashtirish, Erkin Jumanovning aholini elektr energiyasi bilan taʼminlashdagi uzilishlarni bartaraf etish maqsadida qoʻshimcha transformator oʻrnatish, Anvar Xudoyberganovning kollektor-drenaj tarmoqlari boʻyicha murojaatlari tinglandi. Eng dolzarb masala “Bogʻ yop” kanalini qazish, aholi tomorqasini suv bilan taʼminlash boʻyicha ishlar boshlab yuborilgani maʼlum qilinib, mazkur muammo joyida ijobiy hal etildi.
Shuningdek, fuqarolarning boshqa murojaatlari ham oʻz vaqtida yechim topishi uchun sohalarga masʼul rahbarlar bilan birgalikda harakat qilinajagi va albatta har bir murojaat masʼullar tomonidan oʻrganib chiqilib, natijasi murojaat egalariga yozma ravishda maʼlum qilinishi taʼkidlandi.
Sayyor qabul kuniga bagʻishlangan yigʻilishda tuman xalq qabulxonasi raisi Erkin Rajabov ham ishtirok etib, fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar oʻz vaqtida yechim topishi nafaqat “Bogʻ” mahalla ahli, balki qoʻshni mahallalar aholisi uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.
Mahalla imomi Q.Eshchanov hamda profilaktika inspektori M. Seytmurotovlar 2-sektor rahbari J. Muftullayev va tuman xalq qabulxonasi raisi E. Rajabov tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, mahalla aholisi hayotiga oid muammolarni hal etish borasidagi amaliy taklif va yordam uchun minnatdorchiligini bildirdilar.
Boʻlib oʻtgan sayyor qabul kuni fuqarolarning davlat idoralariga nisbatan ishonchini yanada oshirdi.
Pobiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶