AHOLI BANDLIGI —TARAQQIYoT OMILI
Yurtimizda aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shunga qaramasdan, aholining kam taʼminlangan qismi, ayol-qizlar, yoshlar bandligi borasidagi masalalarda muammolar kuzatilayotgan edi. Ayniqsa, qishloq joylardagi aholi bandligini taʼminlash, tashqi mehnat migratsiya jarayonlarini tartibga solish masalalari qiyin kechmoqda. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish va bu boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha davlat organlari ishlari samaradorligini oshirish, aholini mehnat faoliyatiga jalb qilish uchun sharoit yaratish hamda yangi ish oʻrinlarini tashkil etuvchi tadbirkorlik subʼektlari faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida shu yil, 14-iyul kuni Prezidentimizning “Aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.
Unda aholi bandligi boʻyicha zarur xizmatlar darajasini yaxshilash chora-tadbirlari koʻrsatilgan. Shuningdek, bu boradagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirishga doir vazifalar belgilab berilgan.
Qarorda davlat muassasalari shaklida joylardagi hokimliklar huzurida yangi ish oʻrinlarini yaratishni ragʻbatlantirish hududiy jamgʻarmalarini tashkil etish belgilangan va uning mablagʻlarini shakllantirish manbalari koʻrsatib oʻtilgan.
Jamgʻarmaning asosiy vazifalari ham belgilangan boʻlib, asosan qishloq joylarda doimiy ish oʻrinlari tashkil etuvchi tadbirkorlik subʼektlarini kreditlar bilan qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish koʻzda tutilgan. Shuningdek, ishchi kuchi koʻp boʻlgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, ayniqsa, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi korxonalarni tashkil etish, bunda hududiy jamgʻarmalarning ushbu korxonalardagi ulushini xususiy sheriklarga keyinchalik realizatsiya qilish sharti belgilangan.
Qarorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari qarorlari boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etishga hamda aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan boshqa chora-tadbirlarni ham amalga oshirish koʻzda tutilgan. Unga koʻra, hududiy jamgʻarmalar daromad qismi boʻyicha barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etiladi.
Hududiy jamgʻarmalarning mablagʻlari tijorat banklarida kredit liniyalarini ochish va yangi ish oʻrinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi kichik mikrokreditlar ajratish maqsadiga yoʻnaltiriladi. Mikrokreditlar esa kichik tadbirkorlik subʼektlariga, fermer va dehqon xoʻjaliklariga, oilaviy tadbirkorlik subʼektlariga ajratiladi.
Qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilgan tadbirkorlik subʼektlariga mikrokreditlar shaxsiy tomorqa va dehqon xoʻjaliklarida ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun issiqxonalar tashkil etish, urugʻliklar, koʻchatlar, chorva mollari, parrandalar, qishloq xoʻjaligi inventari va uskunalari, sugʻorish moslamalari, yaʼni nasoslar, artezian quduqlari kabilar xarid qilish maqsadlariga ajratiladi. Shu bilan birga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, qurilish materiallari, oziq-ovqat va nooziq-ovqat isteʼmol mollari ishlab chiqarish uchun zamonaviy mini-uskuna va xom ashyo xarid qilish ham mikrokredit ajratilishiga asos boʻla oladi.
Xizmat koʻrsatish sohasi boʻyicha esa maishiy, taʼmirlash, taʼlim, tibbiy axborot-kommunikatsiya va boshqa talab yuqori boʻlgan sohalarda faoliyat koʻrsatadigan korxonalar tashkil etish va jihozlash uchun ham mikrokreditlar ajratiladi. Shuningdek, xotin-qizlar oʻrtasida kasanachilikni rivojlantirish hamda joylardagi ishlab chiqarish ixtisoslashuvi, mavjud mineral xom ashyo, yer, qishloq xoʻjaligi va boshqa resurslarni hisobga olgan holda boshqa yoʻnalishlar uchun ham beriladi.
Mikrokreditlar eng kam ish haqining 500 baravarigacha boʻlgan miqdorda 3 yillik muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi va tijorat bankining ajratiladigan kredit stavkasining 50 foizi miqdoridagi marja bilan taqdim etiladi.
Imtiyozli joyi shundaki, aholi bandligiga koʻmaklashish markazida roʻyxatga olingan ishsiz shaxslarga, mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolarga, turmushida ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, kam taʼminlangan oilalarning aʼzolariga va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlariga eng kam ish haqining 100 baravari miqdoridan oshmagan hajmdagi mikrokreditlar garov taʼminotisiz ajratilishi mumkin.
Qarorga muvofiq aholi soni koʻp boʻlmagan qishloq joylarda sartaroshxona, yakka tartibdagi buyurtmalar boʻyicha kiyim tikish xizmatlarini, poyabzal taʼmirlash xizmatlarini koʻrsatishni yoʻlga qoʻygan va jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023-yilga qadar barcha turdagi soliqlardan ozod etiladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun yollangan xodimga toʻlanadigan soliq bekor qilinadi. Oilaviy tadbirkorlik subʼektlariga doimiy ishchi yollashga imtiyoz beriladi. Shuningdek, birinchi marta mikrokredit olgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 6 oy mobaynida soliq toʻlamaydi.
Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga bir martalik subsidiyalar berilishini nazarda tutadigan ishsizlik boʻyicha sugʻurtalash tizimi tartibi ham koʻrsatilib oʻtilgan. Undan tashqari, Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan bandlik markazlarida roʻyxatdan oʻtgan ishsiz shaxslar, kam taʼminlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta oʻqitish uchun kasb-hunar taʼlimi muassasalariga grantlar ajratilishi yoʻlga qoʻyiladi. Keyingi oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida katta sinf oʻquvchilari uchun kasbga yoʻnaltirish kurslarini oʻtkazishni nazarda tutadigan dastur, shuningdek, tegishli hujjatlar asosida shaxsiy tomorqa xoʻjaliklarida ishlovchi fuqarolarni band boʻlgan shaxs sifatida hisobga olish mexanizmi joriy etilishi ham koʻzda tutilmoqda.
Mazkur qaror aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlik sohasining yanada rivojlanishi, yangi ish oʻrinlari yaratilishi va mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kadrlar tayyorlanishida muhim asos boʻladi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶