«XALQ KUTUBXONASI» AHOLINING SEVIMLI MASKANIGA AYLANDI
“Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand boʻlishi, baxtli boʻlib izzat-hurmat topishi, jahongir boʻlishi yoki zaif boʻlib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, eʼtibordan qolib, oʻzgalarga tobe va qul, asir boʻlishi ularning oʻz ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bogʻliq”.
Ulugʻ mutafakkir bobomiz Abdurauf Fitratning yuz yillarcha oldin aytgan ushbu soʻzlari diniy ekstremizm, terrorizm, “ommaviy madaniyat” tobora ulkan hududlarga tarqalib, xavfi oshib borayotgan bugungi kunimizda ham barchani ogohlikka, hushyorlikka chorlaydi, farzand tarbiyasida ota-ona, keng jamoatchilik masʼuliyatini eslatib turadi.
Ha, shiddat bilan rivojlanayotgan, tez oʻzgarayotgan hayotda har jihatdan barkamol qilib tarbiyalangan farzandlargina oʻz oʻrinlarini topishga qodir boʻladi. Shubhasiz, bunda kitoblarning ahamiyatini hech narsaga tenglab boʻlmaydi.
Bu borada muhtaram Yurtboshimiz “...farzandlarimizda yoshlik chogʻidan boshlab kitobga mehr qoʻyish, mustaqil fikr yuritish, murakkab hayotiy vaziyatlarda toʻgʻri javob topish koʻnikmasini shakllantirishimiz, buning uchun tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirishimiz darkor”, deya taʼkidlagan edilar.
Yoshlar orasida kitobxonlik ommaviyligiga erishish, mutolaa madaniyati yuksalishiga va yosh avlodning maʼnaviyatli boʻlib ulgʻayishiga hissa qoʻshish maqsadida Amudaryo televideniyesi tahririyati amalga oshirayotgan “Odobli bola – el koʻrki” deb nomlangan grant loyihasi doirasida Kuyuk koʻpir ovul fuqarolar yigʻini qoshida kutubxona tashkil etish rejalashtirilgan boʻlib, ushbu loyiha rejasiga muvofiq, shu yilning 14-may kuni ovul fuqarolar yigʻini binosining bir xonasi maxsus taʼmirlanib, jihozlanib, “Xalq kutubxonasi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi.
Shuningdek, mazkur kutubxonaga “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati va “Jayxun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan ham kitoblar sovgʻa qilinib, jami kitob fondi 1000 nusxaga yetdi.
Ayni kunda ixcham, moʻʼjaz javonlarga terilgan ushbu kitoblar ovul yoshlari, yoshi ulugʻ nuroniylari, turli kasb egalari tomonidan qiziqib oʻqilmoqda.
Kutubxona faoliyatini fuqarolar yigʻini raisining jamoatchilik asosida ishlovchi keksalar va faxriylar ishlari boʻyicha maslahatchisi Qurbonboy Sobirov olib borayapti.
Biz kutubxonaga ertalabki soat 9 lar atrofida tashrif buyurganimizda yetti-sakkiz nafar yoshlarning javonlardan oʻzlariga manzur boʻlgan kitoblarni izlayotganini koʻrib, quvondik.
– Ishonsangiz, har kuni kutubxonaga 20 nafardan ziyod kitobxonlar tashrif buyurishadi. Koʻpchiligi maktablar oʻquvchilari, jami obunachilar qisqa fursatda 200 nafardan oshib ketdi – deydi Qurbonboy Sobirov.
Bu yerda boʻlib, oʻqishga kitob tanlayotgan, oʻqib tugatgan kitoblarini topshirib, yangisini olish uchun kelayotgan yoshlarni koʻrgan odamning koʻngli beixtiyor yorishib ketadi.
Biz “yoshlar kitobdan uzoqlashib ketdi”, deb bekorga xavotir olar ekanmiz. Aslida ularning kitob oʻqishlari uchun sharoit kerak ekan. Buni oʻtgan ikki oy ichida mazkur kutubxona obunachilarining soni 200 nafardan oshib ketganidan ham bilish mumkin. Ularning orasida kuyuk koʻpirliklardan tashqari, qoʻshni Qizilcholi, Toryop, Xitoy kabi mahalla va ovullardan kelayotganlari ham bor.
Bizning eʼtiborimizni tortgan yana bir jihat – kitoblar tez-tez almashar ekan, yaʼni obunachilar oʻqish uchun olgan kitoblarini uch-toʻrt kundan oshirmay, qaytarib olib kelib topshirib, yangisini olishar ekan. Kutubxonada munozaralar ham oʻtkazilib, yoshlar oʻzlari oʻqigan kitoblardagi voqealarni, qahramonlarning ichki kechinmalarini tengdoshlariga ham hikoya qilib berishadi.
Kitoblar donolikni yoyish quroli, beminnat tarbiyachidir. Buni Azizbek ismli bolaning oʻzi taʼsirlangan ertagini doʻstlariga hikoya qilib berayotganidan chuqur his qildik.
Biri-biridan biyron bu oʻgʻil-qizlarning soʻzlarini tinglasangiz – ularning kitobga nechogʻlik tashnaligini, ovul guzarida “Xalq kutubxonasi” tashkil qilingani aynan ularning orzusidagi ish boʻlganini anglash qiyin emas.
Kutubxonaga tashrif buyuruvchilar orasida keksa yoshli nuroniy onaxonlar, otaxonlar ham bor.
Tibbiyot faxriysi Gulchehra opa Yoʻldosheva ham faol kitobxon. Yetmish yoshdan oshib ketganiga qaramay, boʻsh vaqtlarida kitoblar mutolaa qiladi, farzandlari, nevaralari, hatto qoʻni-qoʻshnilariga ham kitob oʻqish ahamiyatini targʻib etadi.
– Kitob oʻqigan bola hayotda qoqilmaydi, oʻz oʻrnini topadi, – deydi onaxon.
Nafaqada boʻlsa-da, oʻz oilasi tashvishlarini bir chetga qoʻyib, ovul ahli bolalarining kitob oʻqishi uchun qimmatli vaqtini ayamay, “Xalq kutubxonasi” eshigini ochib oʻtirgan, “kuyuk koʻpirliklar ommaviy ravishda kitob oʻqishga kirishib ketdi”, deya faxrlanib yurgan kutubxonachi Qurbonboy Sobirov faoliyatiga nazar solsangiz – ezgu ishni har kim, har kuni qilishi kerak, degan fikrning naqadar toʻgʻri ekaniga amin boʻlasiz.
Kuyuk koʻpir ovulida faoliyat yuritayotgan “Xalq kutubxonasi” javonlariga terilgan kitoblarga hayrat bilan boqayotgan, kitoblarni olib oʻqishga oshiqayotgan bolajonlarning quvonchi cheksiz.
Oʻylaymizki, mazkur kutubxona ularning komil insonlar boʻlib voyaga yetishlarida muhim vosita boʻlib xizmat qiladi.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶