QURBON HAYITI KENG NIShONLANDI
Istiqlol tufayli mamlakatimizda islom dini ravnaqiga keng imkoniyatlar ochildi. Eʼtiqod erkinligi qonun bilan kafolatlandi, milliy va diniy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Musulmonlarning emin-erkin ibodat qilishlari, diniy taʼlim olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi. Ramazon va Qurbon hayitlari dam olish kunlari deb belgilanib, har yili bayram sifatida keng nishonlanmoqda.
Hayit bayramlari qadimdan xalqimizga xos mehr-muruvvat, bagʻrikenglik va saxovat ifodasi boʻlib kelgan.
15-avgust kuni Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Farmonga muvofiq 21-23-avgust kunlari – Qurbon hayitining birinchi uch kuni mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlandi.
Hayit bayrami barcha joylarda boʻlgani kabi tumanimizda ham tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy va diniy qad-riyatlariga mos ravishda oʻtkazildi. Tumanimizdagi jomʼe masjidlarida hayit namozlari oʻqilib, hamyurtlarimiz el-yurtimiz tinchligi va xalqimiz omonligini soʻrab duolar qildilar.
Qurbon hayitida Qurʼoni karim, hadisi sharif bilan sobit boʻlgan qurbonlik qilish marosimlari ado etildi.
Aytish kerakki, Qurbonlik qilish boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida foydani inson koʻradi. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishidir. Banda ixlos bilan qurbonlik qilib, Alloh yoʻlida jonliq soʻymoqdami, demak Allohning rizoligi uchun borini qurbon qilishga tayyor ekan.
Hayit kunlarida bir-birini ulugʻ kun bilan samimiy muborakbod etayotgan yurtdoshlarimizning tilida va qalbida shu kunlarga yetkazgani, jannatmakon yurtimizdagi tinchlik va obodlik uchun Yaratganga shukronalik tuygʻulari yanada yuksaldi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Hayit namozidan soʻng yurtdoshlarimiz ota-onalarini, qarindosh-urugʻlarini, yoru-birodarlarini, bemorlarni ziyorat etdilar. Gʻariblar va yoʻqsillar, yetim-yesirlar holidan xabar olinib, ularning koʻnglini koʻtarishdek savobli amallarni bajardilar.
Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi arafasida mana shunday keng tarzda nishonlangan Qurbon hayitida oʻqilgan duolar ijobat, ibodatlar qabul boʻlib, yurtimizga qut-baraka olib kelishini Yaratgandan soʻrab qolamiz.
Abdurahmon MATSAPOYeV,
tuman bosh imom-xatibi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶