Yongʻinga qarshi kurashish jamiyati tomonidan aholi va ijtimoiy obʼektlarga 62 mln. soʻmlik xizmat koʻrsatildi
Qishning sovuq kunlarida aholi isitish moslamalaridan koʻp foydalanadi. Xonadon va boshqa obʼektlarni isitishda elektr asboblari, tabiiy gaz tarmoqlari yoki yoqilgʻining boshqa turlari ishlatiladi. Lekin, elektr isitish asboblari, pechlar, tabiiy gaz tarmoqlarining soz yoki nosozligiga doim ham jiddiy eʼtibor qilinmaydi. Ayniqsa, moʻrikon va dudburonlarni muntazam tekshirish lozimligiga koʻp hollarda ahamiyat berilmaydi. Isitish moslamalariga doim zarurat seziladigan qish mavsumida ana shunday ehtiyotsizlik natijasida xavfli hodisalar sodir boʻladi. Afsuski, bunday hodisalar tufayli koʻpincha insonlarning hayoti xavf ostida qoladi.
Oʻzbekiston Yongʻinga qarshi kurashish jamiyatining tuman hududiy boʻlinmasi xodimlari tomonidan ushbu holatlarning kelib chiqish sabablari va manbalari oʻrganilib, tahlil qilinganida fuqarolarning tabiiy gazdan notoʻgʻri foydalanishi, nazoratsiz qoldirishi sababli roʻy berayotgani aniqlanmoqda. Bunday eʼtiborsizliklar oqibatida qancha oilalarning hayoti xavf ostida qolib, bevaqt oʻlim holatlari ham sodir boʻmoqda. Shuning uchun xonadonlarimizda foydalaniladigan tabiiy gaz, koʻmir va boshqalarni ishlatganda doim xavfsizlik choralarini koʻrish lozim. Tabiiy va is gazidan zaharlanishining oldini olish tadbirlari nafaqat mutassadi tashkilot, idoralar tomonidan, balki har bir xonadon egalari va barcha fuqarolar tomonidan amalga oshirilsa kuz-qish mavsumi talofatsiz oʻtadi.
Yongʻinga qarshi kurashish jamiyatining tuman hududiy boʻlinmasi tomonidan aholi xonadonlari va ijtimoiy obʼektlardagi isitish moslamalarining soz-nosozligi, kuz-qish mavsumiga tayyorligi koʻrikdan oʻtkaziladi.Tuman hududida ovul va mahallalardagi aholi xonadonlarida, ijtimoiy obʼektlarda jamiyat nazoratchilari T.Allaniyozov, N.Matirzayev, J.Atajonov, M.Rahimov, E.Atajonov, A.Toʻraboyevlar xizmat koʻrsatadi. Shu paytga qadar 8 ming xonadonga eslatma, 3 ming xonadonga esa plakatlar tarqatildi. Jamiyat tomonidan oʻtkaziladigan koʻrik pullik boʻlib, oʻtgan 9 oy davomida koʻrsatilgan xizmat 62 mln.soʻmdan ziyod boʻldi. Shundan aholi xonadonlariga 22 mln. soʻmlik, ijtimoiy obʼektlarga 40 mln. soʻmlik xizmat koʻrsatildi.
Ayni kunlarda Oʻzbekiston Yongʻinga qarshi kurashish jamiyatining tuman hududiy boʻlinmasi xodimlari tomonidan xonadonlarda pullik asosda gaz jihozlarini koʻrikdan oʻtkazish, sozlash, moʻrikonlarni va dudboʻronlarni tozalash ishlari amalga oshirilmoqda. Undan tashqari, shartnoma asosida korxona-tashkilotlar binolari uchun birlamchi oʻt oʻchirish inventarlari, jihozlar ham beriladi. Agar Siz ham bu xizmatga ehtiyoj sezsangiz, jamiyatning 93 619 97 79 raqamli telefoniga qoʻngʻiroq qilib, buyurtma berishingiz mumkin. Shu oʻrinda barcha yurtdoshlarimizni gazdan zaharlanish va chaqnash bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olishda ogohlik va faollikka chaqiramiz.
Tursunboy Madrahimov,Yongʻinga qarshi kurash jamiyati tuman hududiy boʻlinmasi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶