Yoshlar ittifoqi nogironligi boʻlgan yoshlarni qoʻllab quvvatlaydi
Mamlakatimizda aholining barcha qatlamlarini , shu jumladan imkonioyati cheklangan fuqarolarni ijtimoiy himoyalash, ayniqsa imkoniyati cheklangan yoshlarning oʻz qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor berilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi va bevosita qoʻllab quvvatlashi bilan 2017-yil 13-dekabrda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy Kengashi qoshida imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar Respublika Markazi tashkil etilib, Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatdan oʻtkazildi.
Markazning maqsadi jamiyatda istiqomat qilayotgan nogironligi bor yoshlar va bolalarni ijtimoiy-psixologik va huquqiy qoʻllab-quvvatlash, ularni kasbga yoʻnaltirish, nogironligi bor yoshlar va bolalarni sogʻlomlashtirish uchun turli xayriya tadbirlarini, auktsionlarni tashkil etish, homiylarni jalb qilishdan iborat. Bundan tashqari, nogironligi boʻlgan yoshlar va bolalarning imkoniyatlaridan kelib chiqib oʻzlari qiziqqan yoʻnalishlari boʻyicha oʻrta maxsus va oliy taʼlim olishlari, kasb-kor egallashlari uchun ularga jamiyatda keng imkoniyatlar yaratib, huquqiy, psixologik pedagogik yordam koʻrsatish maqsadida seminar-treninglar oʻtkazish va bu borada imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar bilan shugʻullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlik qilish koʻzda tutilgan.
Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish va chekka hududlarni ham qamrab olish maqsadida respublikamiz tumanlaridan koʻngillilar, yaʼni valontyorlar saylandi. Tumanimizda ham joriy yilning 19-dekabrʼ kuni yoshlar ittifoqi tuman Kengashida shu masalaga bagʻishlangan seminar tashkil etildi. Seminarda tumanimizda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tuman Kengashi qoshida nogironligi boʻlgan yoshlar, bolalarni qoʻllab-quvvatlash Markazining ochilishi munosabati bilan ishtirokchilarga batafsil tushunchalar berildi. Tumanimizda yoshlar ittifoqi tuman Kengashi qoshida faoliyat olib boradigan ijtimoiy himoyaga muhtoj va 30 yoshgacha boʻlgan nogiron yoshlar hamda bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga psixologik-pedagogik va huquqiy yordam koʻrsatish Markazi rahbari etib 76-sonli maktab yoshlar yetakchisi Muyassar Rahmatullayeva saylandi.
Nogironligi boʻlgan 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va bolalarning qiziqishlari, dardi va muammolarini oʻrganib, hayotga joʻshqin nazar bilan boqishlariga koʻmaklashish, iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun sharoitlar yaratish, psixologik-pedagogik va huquqiy yordam koʻrsatish, kasb-kor egallashlarida koʻmaklashish – Markazimizning asosiy vazifasi boʻlib qoladi va bu borada barcha imkoniyatlarni yaratishga harakat qilammiz, - deya ishonch bildirdi Muyassar Rahmatullayeva. – Ayni paytda tumanimizda roʻyxatga olingan 561 nafar nogironligi boʻlgan 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va bolalar bor. Bundan keyin ularning hayotga toʻlaqonli aralashuvini taʼminlash maqsadida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishga kirishdik.
Dildora Abdurahmonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶