Afgʻon urushida ishtirok etgan sobiq quroldoshlar uchrashdi
Bundan roppa rosa 30-yil muqaddam, yaʼni 1989-yilning 15-fevral kuni sobiq sovet ittifoqining afgʻon tuprogʻidagi maqsadsiz missiyasi yakuniga yetib, ittifoq qoʻshinlari bu yurtdan butunlay olib chiqib ketilgan edi.
Ushbu voqeaga 30-yil toʻlishi munosabati bilan 15-fevral kuni tuman faxriy askarlar uyushmasining Ijtimoiy ximoya markazi tashabbusi bilan tadbir oʻtkazildi.
Sobiq quroldosh doʻstlar dastlab Mangʻit shahridagi Xotira bogʻiga yigʻilib, mangu yoniq olov poyiga gulchambar qoʻyishdi.
Marosimda taʼkidlanganidek, Sobiq Ittifoq bu urushda 15 ming harbiysini yoʻqotdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 1979-1989-yillar mobaynida Afgʻonistondagi harbiy harakatlarda Oʻzbekistondan 65 ming harbiy ishtirok etgan, ulardan 1512 nafari halok boʻlib, 2 yarim mingga yaqin askarlar va zobitlar Vatanga nogiron boʻlib qaytgan.
Soʻngra tuman hokimligi tomonidan sobiq jangchilar sharafiga dasturxon yozildi. Tumanimizda faoliyat koʻrsatayotgan faxriy askarlar uyushmasining «Ijtimoiy himoya markazi» bilan hamkorlikda tashkil qilingan ushbu uchrashuvda sobiq quroldosh doʻstlar diydorlashdilar.
Tadbirda soʻz olganlar tinchlik-osoyishtalik, bunyodkorlik, ahillik, bagʻrikenglik, mehr-oqibat hukm surayotgan bu yurtda yashayotganimiz uchun Yaratganga shukrona keltirishimiz kerak, deya taʼkidlashdi. Urushning dahshatini unda ishtirok etganlar biladi. Va eng yomoni, urushda qatnashgan bitta askar ortida uning oilasi, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari turganini inobatga olsak, bu butun jamiyat uchun ogʻir musibat ekani ayon boʻladi. Shu sababli ham xalqimizda tinchlik – eng bebaho neʼmat degan ibora bor.
Tadbirda tuman madaniyat boʻlimining sanʼatkorlari tomonidan tinchlik va ezgulikni tarannum qiluvchi kuy-qoʻshiqlar ijro qilindi.
Shu kuni sobiq quroldoshlar faxriy askarlar uyushmasining ijtimoiy himoya markazlariga bir paytlar aʼzo boʻlgan, ayni paytda olamdan oʻtgan marhum jangchilarning ham xonadonlariga tashrif buyurib, ularning oila aʼzolari holidan xabar olishdi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶