Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi oshkoralik va shaffoflik asosida oʻtkaziladi
Mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda mahallaning oʻrni alohida. Shu oʻrinda taʼkidlashimiz joizki, davlat hokimiyatining oʻttizdan ziyod vakolatiga ega boʻlgan fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish tuzilmasining zimmasiga yuklatilgan vazifalarni qanday bajarishi unga rahbarlik qiladigan kadrlarga bogʻliq. Shu boisdan ham bu borada munosiblarni tanlashning demokratik shakli boʻlgan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) sayloviga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda. “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Qonunning mazmun-mohiyati va shu Qonun asosida tashkil qilinayotgan hamda joriy yilning may oyida oʻtkaziladigan saylov haqida batafsil maʼlumot olish maqsadida fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi raisining birinchi oʻrinbosari Ashirboy Qoʻshayev bilan suhbat uyushtirdik. Quyida ushbu suhbatni eʼtiboringizga havola qilamiz.
***
– Yangi tahrirda qabul qilingan Qonun asosida saylov jarayoniga qanday yangiliklar kiritildi?
– Avvalambor, shuni aytish kerakki, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi yurtimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlardan sanaladi. Mazkur voqelik mamlakatimizda shakllangan demokratik saylov tizimining uzviy qismi boʻlib, unda fuqarolar oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etadi. Bu jihatlarga “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida alohida eʼtibor qaratilgan.
Yangi tahrirdagi Qonunda belgilanganidek, endilikda saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish masalasi bilan Oliy Majlis Senati Kengashining komissiyasi emas, balki alohida tuziladigan fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Respublika komissiyasi shugʻullanadi.
Saylovni tashkil etish va oʻtkazishda fuqarolar yigʻinlariga amaliy yordam koʻrsatish uchun barcha viloyatlardagi kabi tumanlarda ham tegishli komissiyalar tuziladi. Ushbu komissiyalar saylovni tashkil etuvchi, uning oʻtkazilishini nazorat qiluvchi va yakuniy natijalarni chiqaruvchi organ hisoblanadi.
Fuqarolar yigʻinida saylovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish uchun fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) qarori bilan 7-15 kishidan iborat ishchi guruhi tuziladi.
Ishchi guruh tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikrlarini inobatga olgan holda yigʻin raisi (oqsoqol) lavozimiga nomzodlar boʻyicha takliflarni tayyorlaydi.
Saylovdan kamida besh kun oldin fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy haqidagi maʼlumotlarni yigʻin binosi va guzarlarga, shuningdek, aholi gavjum boʻlgan joylarga osib qoʻyish, saylovga uch kun qolganda saylangan vakillarga taklifnomalar yuborish ham ishchi guruhning vazifalaridandir.
– Vakillar qaysi mezonlar asosida saylanadi?
– Saylovlarda bevosita fuqarolarning oʻzlari koʻproq ishtirok etishini taʼminlash maqsadida hovlilar, uylar, koʻchalardan fuqarolar vakilligining minimal normasi belgilanadi. Endi vakillar soni har bir hudud aholisining sonidan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bunda vakillarning soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar umumiy sonining kamida oʻn ikki foizini tashkil etishi kerak. Bunday holatda mahallada yashovchi oʻrtacha 3 ming nafar saylovchi nomidan 360 nafar vakilning saylovda ishtirok etishi taʼminlanadi.
Shu bilan birgalikda saylovda ishtirok etadigan saylovchilar vakillariga ham qator talablar belgilandi. Unga koʻra, endilikda tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi oʻrtasida obroʻ-eʼtiborga ega kishilar vakil boʻlishadi. Rais (oqsoqol) lavozimiga koʻrsatilgan nomzodlar yoki ularning yaqin qarindoshlari vakil boʻlishi mumkin emas. Bu tizimning yoʻlga qoʻyilishi, albatta, saylovning yanada shaffof, demokratik qoidalarga mos ravishda oʻtishini taʼminlaydi.
Yangi tahrirdagi Qonun bilan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning vakolat muddati uch yil qilib belgilandi. Endilikda yigʻin raislaridan hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish bilan birga, mahalladagi har bir oila, har bir inson taqdiri uchun masʼuliyatni zimmasiga olishga qodir fidoyi boʻlishi, yigʻin ahlining fikr-oʻylari, maqsad va muddaolarini ish faoliyati orqali ifoda etishi talab qilinadi.
Oldingi saylovlarda fuqarolar yigʻini raisi va uning maslahatchilari bir vaqtning oʻzida saylanardi. Bu jarayon saylov paytida bir qancha qiyinchiliklarni yuzaga keltirardi. Shu boisdan ham yangi Qonunga birinchi navbatda fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish, saylovdan keyin bir oy ichida maslahatchilarni saylash hamda komissiyalarni shakllantirish normasi kiritildi.
– Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik boʻyicha tumanimizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Avvalo, Xalq deputatlari tuman Kengashining 2019-yil 27-fevral kungi qarori asosida tuman hududida 2019-yil may oyida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va 15 kishidan iborat tuman hududida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi tuman komissiyasi tuzildi.
Tumandagi barcha fuqarolar yigʻinlarida saylovni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhlar tuzilgan. Ushbu ishchi guruhlar hozirda oʻz hududlaridagi koʻp qavatli uylar va koʻchalarda fuqarolarning vakillarini saylash boʻyicha yigʻilishlar oʻtkazishmoqda.
Shu bilan birgalikda ovul, mahalla va shaharchalarda istiqomat qilayotgan aholi oʻrtasida soʻrovlar oʻtkazilib, fuqarolar yigʻinlari raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ham aniqlanmoqda.
Shu oʻrinda yurtdoshlarimizdan oʻz mahallasi faoliyatiga befarq boʻlmasdan, oʻzlari munosib koʻrgan nomzodning fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) boʻlib saylanishi uchun bevosita yoki bilvosita ovoz berishlarini soʻrab qolamiz.
Suhbatni jurnalist Allambergan Jumaniyozov
yozib oldi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶