Virusli gepatit “A”ga qarshi emlash – KASALLIKNING OLDINI OLIShDA ENG SAMARALI YOʻLDIR
Virusli gepatit “A” kasalligi hozirgi kunda butun dunyo boʻyicha keng tarqalgan kasalliklardan hisoblanadi. Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkilotining maʼlumotiga koʻra dunyoda har yili 1,5 mln. inson ushbu kasallikka chalinadi. Virusli gepatitning bu turi keng tarqalgan boʻlib, uning salmogʻi jami virusli gepatitlar orasida dunyoning turli mamlakatlarida oʻzgarib turadi. Yevropa va AQSh da virusli gepatit “A” kasalligining salmogʻi 10 dan 30 foizni tashkil etadi. Rivojlanib borayotgan Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi kabi mamlakatlarda 70-90 foizni tashkil etadi.
Soʻnggi yillarda respublikamizda virusli geputit “A” ning salmogʻi jami virusli gepatitlar orasida 95 foizni tashkil etmoqda. Har 3-4-yilda virusli gepatit “A” kasalligining davriylik koʻtarilishi kuzatiladi. Bu holat asosan ushbu kasallikka qarshi immunitetga ega boʻlmagan insonlarga koʻproq bogʻliq boʻladi.
Verusli gepatit “A” ichak kasalligi hisoblanib, asosan maishiy-muloqot yoʻli orqali, shu jumladan ifloslangan qoʻllar orqali yuqadi. Maktabgacha hamda maktab yoshidagi kichik bolalar bu xastalikka boshqalarga nisbatan koʻproq chalinadilar.
Bugungi kunda bolalar oʻrtasida virusli gepatit “A” kasalligi tarqalishining oldini olishda eng samarali va yagona chora-tadbirlardan biri-profilaktik emlash hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda virusli gepatitning “A” turiga qarshi emlash ishlari dunyoning Isroil, Gretsiya, Italiya, Qozogʻiston kabi koʻpgina mamlakatlarida oʻtkazilayapti.
Bugungi kunda virusli gepatit “A” dan himoyalanish uchun yuqori samarali vaktsinalar ishlab chiqilgan. Ushbu vaktsinalar yuqori immunogen taʼsirga ega boʻlib, kasallik rivojlanishining oldini oladi. Virusli gepatitning “A” turiga qarshi emlash tajribalari shundan dalolat beradiki, bunda nafaqat emlanganlar kasallikdan himoyalanishdi, balki ushbu xududlarda virus tsirkulyatsiyasining kamayishi ham yaqqol koʻzga tashlanadi.
2017-yildan boshlab respublikamiz boʻyicha virusli gepatitning “A” turiga qarshi emlash ishlari olib borilayapti. Emlash aholining oʻz mablagʻlari hisobidan oʻtkazilib, u 170000 soʻmga amalga oshiriladi.
Virusli gepatit “A” kasalligi bilan kasallangan bolalar nimjon, kamharakatchan boʻlishib, ular biron bir ishni qilishda tezda charchab qoladilar. Ularning tezda boshqa kasalliklarga ham chalinishi kuzatilishi mumkin. Agar farzandingiz virusli gepatit “A” kasalligi bilan kasallansa, uning shifoxonada kamida 20-21 kun davolanishi va buning natijasida esa ancha mablagʻ sarflashingizga toʻgʻri keladi.
Shunday ekan, har bir ota-ona oʻz farzandini virusli gepatit “A” kasalligiga qarshi ehtiyotdan emlatishni unutmasin!
D.BABAJANOV, tuman DSENM bosh shifokori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶