YaNGI QONUNLAR TARGʻIBOTIGA BAGʻIShLANGAN YIGʻILISh BOʻLIB OʻTDI
Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ular uchun munosib mehnat va mehnat sharoitlari yaratishga alohida eʼtibor berilmoqda. Shu yil avgust oyida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni taziyq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunlari bu boradagi saʼy-harakatlarni yangi bosqichga koʻtarishga asos boʻlishi aniq.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi yangi Qonun gender tenglikni taʼminlashga, yaʼni xotin-qizlar va erkaklarga davlat tomonidan teng huquq va imkoniyatlar kafolatlanishiga xizmat qiladi. Bu boradagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiluvchi ushbu Qonun 7 ta bob va 32 ta moddadan iborat. Qonunga koʻra, xotin-qizlar va erkaklarga davlat tomonidan teng huquq va imkoniyatlar kafolatlanadi, ularni jinsi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar shunday hollar sodir etilsa, qonunning “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik deb nomlangan 29-moddasiga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
Ushbu qonunning 28-moddasida jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitish faktlari ustidan shikoyat qilish tartibi belgilangan. Yaʼni agar shaxs oʻzini jins boʻyicha bevosita yoki bilvosita kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa, vakolatli organlarga murojaat qilish huquqiga egi. Bunda kamsitilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi, ishlarni sudlarda koʻrish chogʻida advokatlar tomonidan koʻrsatiladigan yuridik xizmatlarga haq toʻlash ularning xohishiga koʻra davlat hisobidan qoplanadi.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning maqsadi xotin-qizlarni turmushi, ish joylari, taʼlim muassasalari kabi joylarda tazyiq va zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish, ularning oldini olishdagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Qonunda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar koʻrsatib oʻtilgan.
Mazkur qonunlarni oʻqib-oʻrganish - ayol-qizlarning jamiyatda oʻz haq-huquqlarini teran anglashiga, ijtimoiy-siyosiy faolligi oshishiga xizmat qiladi.
Shu yil 9-sentyabr kuni tuman Tibbiyot birlashmasida ushbu qonunlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda birlashma masʼul xodimlari, shifokorlar, oʻrta tibbiyot xodimlari ishtirok etdilar.
Yigʻilishda tuman hokimi muovini, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi M.Ahmedova, tuman Ichki ishlar boʻlimi xotin-qizlar bilan ishlashish katta inspektori D.Sharipova, Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining davlat mehnat huquq inspektori yordamchisi J.Xolmurodov, tuman Tibbiyot birlashmasi tashkiliy uslubiy boʻlimi mudiri J.Yavqashevlar qabul qilingan mazkur ikki Qonun ahamiyati haqida gapirdilar.
Qonunlarni oʻqib-oʻrganish har bir xotin-qizning jamiyatda oʻz oʻrnini topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶