“YaNGI FORMA OLIB BERING!”
Yozning soʻnggi kunlari oʻquvchilarni hayajonga sola boshlaydi. Yangi oʻquv yili yaqinlashar ekan, har bir oʻquvchi oldiga maqsad qoʻyib, ilm ummonidan javohirlar terishga oshiqadi. Jonajon maktabi bagʻriga qaytishga, mehribon ustoz-murabbiylarini koʻrishga shoshiladi. Yangi oʻquv yili boshlanishidan oldin albatta, oʻquvchilar oʻquv qurollari, kitob-daftar, papka va maktab formasi olishga ulgurgan. Bugungi kunda ham “Maktab bozor”lari odamlar bilan gavjum. Ota-onalar farzandlarini kerakli oʻquv qurollari bilan taʼminlashmoqda. “Maktab yarmarkalari”da esa oʻquv qurollari hamyonbop narxlarda sotilmoqda.
Ammo baʼzi oʻquvchilar har yili yangi narsalar olishga juda oʻrganib qolishgan-ki, bu ishlari bilan ota-onalarini moddiy tarafdan qiynab qoʻyishayapti. Yaqinda oʻzim guvoh boʻlgan bir voqea ushbu maqolani yozishga sabab boʻldi. Singlimga maktab qurollari olish uchun bozorga borgan edik. “Maktab bozori”ga kirganimizda bir qiz (chamasi, 8- yo 9-sinf oʻquvchisi) onasi bilan aytishib, hammaning diqqatini tortayapti. Qiz shu doʻkondagi oq kofta, qora yubkani juda yoqtirib qolibdi va onasidan shuni olib berishini talab qilayapti.
Onasi qiziga: “oʻtgan yili olgan maktab formang hali yangi, bu yil ham shuni kiyib turgin, keyingi yil albatta boshqasini olib beraman”, deb aytayapti-yu, ammo qizi onasining gapiga quloq solmayapti. “Agar menga shu kofta-yubkani olib bermasangiz, maktabga bormayman. Bu yil eski formamni kiymayman”, deb onasiga gap qaytarayapti...
Tavba, qizning bu gaplarini eshitib, juda jahlim chiqdi. Axir maktabga borib, ilm olish formaning yangi yoki eskiligiga bogʻliq emas-ku. Hatto ota-onalarimiz ham aka-opalarining kichrayib qolgan kiyimlarini kiyib ulgʻayishgan. Hech kim: “Sen eski kiyim kiyibsan, maktabga kelma”, deb aytmagan-ku.
Sizningcha, bu qizning ishi toʻgʻrimi? Axir ota-onasini qiynab nima qilar ekan?
Xulosa qilish har kimning oʻziga havola. Men shunchaki, ayrim oʻquvchilarning bunday ishlari notoʻgʻriligini aytib oʻtmoqchiman, xolos. Azizlar, yangi oʻquv yilida sizlarga omad va zafarlar yor boʻlsin. Shuni unutmang, inson qadri, ilmi kiyimining yangiligiga qarab belgilanmaydi. Shunday emasmi?
Iroda YeRDOShEVA, gazetaning jamoatchi muxbiri.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶