Qilichboy arna kanaliga yangi koʻprik qurildi
Elimizda yoʻl, koʻprik qurishni juda xayrli va savobli ish deyishadi. Koʻpriklar olis yoʻlni, manzilni yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Soʻnggi davrlarda yurtimizda bu savobli ish davlat ahamiyatidagi muhim masalaga aylanib borayotganligi sababli bu borada tegishli dasturlar qabul qilindi. Shular asosida yurtimizda keng va ravon yoʻllar, mustahkam koʻpriklar qurilmoqda.
Qilichboy arna kanalining ikki tomonida joylashgan Ayoqchi mahallasi va Qilichboy ovuli aholisiga shu hududda koʻprik yoʻqligi deyarli 40-yildan buyon muammo tugʻdirib kelayotgan edi. Zarurat boʻlgan paytlarda ikki tomonda yashovchi aholi olisdagi koʻprikdan foydalanishiga toʻgʻri kelar, bunga juda koʻp vaqt ketardi. Ayniqsa, “Ayoqchi” va “Gʻayrat” aholi punktlarida yashovchi fuqarolar ovuldagi 7-sonli Qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiy xizmatdan foydalanish uchun 7-8 kilometr uzoqlikdagi masofadan aylanib kelardi.
Koʻprik qurishning savobi ham hajga ziyorat qilish bilan barobar, deb bilgan “Ayoqchi” mahallasida yashovchi tadbirkor Sanʼatjon Rahimov har ikkala tomonda yashovchi aholiga qulaylik yaratib, uzogʻini yaqin qilish maqsadida shu yilning sentyabr oyida qurilish ishlarini boshlab yubordi. Qisqa fursat ichida, yaʼni oktyabr oyining oxirlarida koʻprik toʻliq qurib bitkazildi. Tadbirkorning saʼy-harakati, gʻayrati bilan amalga oshgan xayrli ishdan el-yurt nihoyatda mamnun boʻldi.
24-oktyabr kuni koʻprikning foydalanishga topshirilgani har ikkala hududda yashovchi aholi uchun juda quvonchli voqea boʻldi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan marosimda tuman hokimi oʻrinbosarlari A.Yoʻldoshev, J.Norimov, “Nuroniy” jamgʻarmasi tuman boʻlimi raisi B.Allaberganov, oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman Kengashi raisi oʻrinbosari O.Ibragimov hamda fuqarolar yigʻinlari raislari, faollar qatnashishdi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar aholini koʻp yillik orzusi amalga oshgani bilan qutladi va bu ishda tashabbus koʻrsatib, oʻz mablagʻi evaziga koʻprik qurdirgan tadbirkor S.Rahimovga katta minnatdorlik bildirdilar.
Marosimda koʻprik qurilishida ishtirok etgan quruvchilarga sovgʻalar ham ulashildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶