Bahorgi taraddud – kuzgi moʻl hosil
OʻzA, A.Ortiqboyev, 25.02.2014 19:58
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida qishloq xoʻjaligi texnikalarini bahorgi ekish mavsumiga tayyorlash masalalariga bagʻishlangan koʻrgazmali seminar oʻtkazildi.
Tumanlar hokimlari, qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlari, mashina-traktor parklari hamda fermer xoʻjaliklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda Amudaryo tumani markaziy mashina-traktor parkida qishloq xoʻjaligi texnikalarini bahorgi mavsumga tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar koʻzdan kechirildi.
Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida qishloq xoʻjaligida hosildorlik oshib, sifati yuksalishiga erishilayotgani taʼkidlandi. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni yonilgʻi-moylash materiallari, mineral oʻgʻitlar bilan taʼminlash sezilarli darajada yaxshilangani bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimizning 2007-yil 29-oktyabrda qabul qilingan "Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni asosida hududda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Bahorgi ekish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida 43 magnum traktori, 215 seyalka, 1 ming 700 tirgak va boshqa texnikalar shay holatga keltirildi, – deydi Amudaryo tumani hokimi R.Yoʻldoshev. – Qoraqalpogʻiston Respublikasida har bir dalaning sharoitiga qarab, yerning shoʻrini yuvish muhim ahamiyat kasb etadi. Tumanda bu yil bahorgi ekish mavsumi oldidan 19 ming 800 gektar maydonning shoʻrini yuvish rejalashtirilgan edi. Ayni paytda bu ishlar tajribali mutaxassislar tomonidan sifatli amalga oshirilmoqda. Olib borilayotgan izchil islohotlar samarasida tumanda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish 2000-yilga nisbatan 28 barobar koʻpayib, gʻalla yetishtirish 2,2-marta, kartoshka 2,7, poliz mahsulotlari 4,5, uzum 2,1, goʻsht 2,3 va sut yetishtirish hajmi 2,7-marta oshdi.
Zararkunandalarga qarshi biologik kurash qishloq xoʻjaligida moʻl hosil yetishtirishning muhim omilidir. Tadbir ishtirokchilari bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan "Toʻlqin” ovul fuqarolar yigʻinidagi biolaboratoriya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, joriy yilda tumandagi 270 fermer xoʻjaligi uchun 130 kilogramm trixogramma, 60 million dona oltinkoʻz, 160 million dona brakon biomahsulotlari tayyorlanmoqda.
Koʻrgazmali seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev soʻzga chiqdi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶