Prokuratura masʼullari sayyor qabul oʻtkazdi
Tumanda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha 2-sektor rahbari tomonidan Xolimbeg ovuli va Ayoqchi mahallasi hududida yashovchi fuqarolar va tadbirkorlar bilan sayyor qabul oʻtkazildi.
Sayyor qabulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori oʻrinbosari Sirojiddin Fayziyev, tuman prokurori Javlon Muftullayev hamda tumandagi korxona-tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdilar.
Dastlab Xolimbeg ovulida boʻlib oʻtgan qabulda Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori oʻrinbosari Sirojiddin Fayziyev va boshqa masʼullar yurtimizda, qolaversa, tumanda ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar haqida soʻz yuritdi. Ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada yaxshilash hamda osoyishtalik, tinchlik barqaror boʻlishiga nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki barchamiz eʼtiborli boʻlishimiz kerakligini, qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish, isitish moslamalaridan ehtiyotkorona foydalanish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, sektorlar kesimida fuqarolarning turmushida uchrayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini koʻrish bugungi kunda muhim vazifaga aylangani aytib oʻtildi.
Sayyor qabulda Xolimbeg ovuli hududida yashovchi fuqarolardan Islombek Baymanov, Tozaboy Ahmedov, Bazarbay Iskandarov, Chavdur Mahmudov, Amin Bobojonov va boshqalar elektr taʼminotida muammolar mavjudligi, tuman markaziga olib boruvchi yoʻllar taʼmirlanishga muhtojligini, suyultirilgan gaz ballonlari yetishmayotganligini, koʻmir yetkazilishida, uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratilishida muammolar boʻlayotganini aytib murojaat qildilar. Shuningdek, ovul fuqarosi Ziyodboy Tangirberganov ushbu hududda faoliyat yuritgan, keyinchalik faoliyati tugatilgan qishloq vrachlik punktining qayta ochilishida koʻmak berishni soʻrab, aholi uchun qulaylik yaratish kerakligini aytdi.
Undan tashqari, fuqaro Alisher Tursunov hozirda onasi nogiron ekanligini, unga nogironlik aravachasini olishga, Muhabbat Jumaniyozova esa kasal qizini davolatishga amaliy yordam kerakligini aytib, murojaat qildilar.
Ayoqchi mahallasida davom ettirilgan sayyor qabulda ham fuqarolar hududda aholini qiynayotgan elektr energiyasi va koʻmir yetkazilishi borasidagi muammolarni bartaraf qilishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildilar. Shuningdek, fuqarolar yigʻini faollari chegara hududida joylashgan transformatorni mahalla markaziga koʻchirilishi kerakligini, 69-sonli umumtaʼlim maktabi uchun qoʻshimcha bino qurishga ehtiyoj borligini taʼkidladilar.
Ovulda yashovchi fuqaro Rajab Oʻtamurodov kasal boʻlganligi sababli markazlardagi kasalxonada davolanish uchun yoʻllanma olishda, fuqaro Hamdam Rajabov esa turmush oʻrtogʻiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini olishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildi. Sayyor qabul davomida kelib tushgan murojaatlarning aksariyati mutaxassislarni jalb qilgan holda joyida hal etildi. Muddat va mablagʻ talab etiladigan muammolar esa tegishli tartibda tumandagi tegishli idora-tashkilotlar masʼullariga oʻrganib, hal qilish uchun topshirildi. Shuningdek, murojaatlarning maʼlum qismi yoʻl xaritalariga kiritish uchun belgilab olindi.
Sayyor qabul davomida kelib tushgan murojaatlarga yechim topish, ularni bartaraf etish va aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2-sektor masʼullari tomonidan tegishli chora-tadbirlar koʻrildi. Jumladan, sayyor qabul davomida bildirilgan murojaatlar asosida qisqa vaqt ichida Xolimbeg ovuli va Ayoqchi mahallasining har biriga 8 tonnadan koʻmir, 6 nafar fuqaroga gaz ballonlari yetkazib berilishi taʼminlandi. Xolimbeg ovuli va Ayoqchi mahallasi aholisi muammolar hal etilganidan mamnun boʻldilar.
Ozoda XUDOYBERGANOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶