Vazirlik va tashkilotlar rahbarlari yoshlar bilan uchrashdi
Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik, milliy anʼana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy yetuk va jismonan sogʻlom barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, sohadagi vaziyat va amalga oshirilgan tadbirlar tahlili yoshlarning keng qatlamlariga daxldor boʻlgan dolzarb masalalar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning hayotda oʻz oʻrnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasbga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash, tashabbuslarini ragʻbatlantirish borasidagi ishlarni yanada takomillashtirishni talab qilmoqda.
Shu sababli mutasaddilar yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazib, ularning takliflari, fikr-mulohazalarini tinglab, muammolarini oʻrganmoqda hamda ijobiy hal qilishga harakat qilmoqda. Shu maqsadda 11-yanvar kuni Amudaryo tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabining faollar zalida yoshlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Amudaryo tumani hokimi Sultonboy Yoʻldoshev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vaziri Jalgʻasbay Berdixanov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal demokratik partiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kengashi raisi Sharapat Otemisov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi boshligʻi Alisher Yakubovlar ishtirok etdi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida boʻlib oʻtdi. Mehmonlar yoshlarga oʻzlarining hayot yoʻllarida erishgan muvaffaqiyatlarining sabablari, insoning shakllanishida bilim va mehnatning oʻrni haqida hayotiy misollar orqali hikoya qildilar.
Uchrashuvda soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganlaridek, jismonan sogʻlom, maʼnan yetuk, mustaqil fikrlaydigan va intellektual salohiyatli avlodni voyaga yetkazish amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridandir. Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallashi farzandlarimizning taʼlim-tarbiyasiga, qanday inson boʻlib hayotga kirib borishiga bogʻliq.
Yurtimizda ayni vaqtda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonini, yaʼni kuchli fuqarolik jamiyati va huquqiy demokratik davlat qurishdek ezgu maqsadimizni aholining asosiy qismini tashkil etuvchi yoshlar ishtirokisiz tasavvur qilib boʻlmaydi.
Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, yurtimizda mazkur sohadagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuni davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yoʻlida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratdi.
Shuningdek, yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarish, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Yoshlar - kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni esa bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan eng muhim hujjat boʻldi. Hozirda ushbu dastur doirasida koʻplab yoshlarimiz xususiy tadbirkorlik faoliyatlarini olib bormoqdalar. Bu orqali esa yangi ish oʻrinlari yaratilib, yoshlarimizning bandligi taʼminlanmoqda.
Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan, yoshlarning taʼlim-tarbiyasi uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan 5 ta tashabbus yoshlarimizga yangi imkoniyatlar yaratdi. Ushbu 5 tashabbusni aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish yuzasidan salmoqli ishlar qilinmoqda.
Uchrashuvda ishtirok etgan yoshlar mehmonlarga savollar bilan murojaat qilib, tegishli javoblar oldi.
Tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶