Ishchi guruh aʼzolari yangi ustaxona tashkil qilgan yosh tadbirkor faoliyati bilan tanishdilar
Bugungi kunda barcha sohalar qatorida tadbirkorlik sohasi rivojlanishiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Aholining, ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilishga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli gʻoyalari va loyihalarini roʻyobga chiqarishga, shu asosda yoshlar bandligini taʼminlashga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Bu borada yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, oʻzining tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan yoshlar soni tumanimizda ham tobora ortib borayotgani nihoyatda quvonarli.
Tumanimiz yoshlaridan biri Abbos Abrurahimov texnikaga qiziqqanligi sababli oldin bu hunarni mukammal oʻrganib oldi. Keyin tadbirkorlik bilan shugʻullanishni maqsad qilib, Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi huzuridagi “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasiga kredit olish uchun oʻzi tayyorlagan loyihani topshirdi. Kredit mablagʻlari yordamida yangidan avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish va sozlashga moʻljallangan ustaxona tashkil qilishni rejalashtirdi.
Oʻtgan yili loyihasi maʼqullanib, “Yoshlar kelajagimiz” jamgʻarmasidan 50 mln. soʻm kredit mablagʻini olgan Abbos Abdurahimov oʻz hisobidan ham 40 mln. soʻm mablagʻ qoʻshib, yangi ustaxona faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Ustaxonaga ish uchun zarur boʻlgan yangi jihozlar keltirilib, ish unumdorligi oshirildi. Yosh tadbirkorning tashabbusi bilan loyihaga muvofiq 3 ta yangi ish oʻrni yaratildi va hunarni puxta biladigan yoshlar ish bilan taʼminlandi.
Tumanimizga tashrif buyurgan Respublika ishchi guruhi aʼzolari yosh tadbirkor faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shu bilan bir qatorda ustaxona ishchilari bilan ham samimiy suhbat oʻtkazdilar. Mehmonlar yangi tashkil qilingan tadbirkorlik obektidagi shart-sharoitlar, texnik jihozlarni koʻzdan kechirib, Abbosning kelgusidagi maqsadlari, rejalari bilan qiziqdilar.
Yosh tadbirkor suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan eng muhim hujjat boʻlganligini mamnuniyat bilan eʼtirof etdi. Jamgʻarmaning tashkil etilganligi va ushbu jamgʻarma tomonidan yoshlarning biznes tashabbuslari, gʻoyalari, loyihalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari orqali yillik 7 foiz stavka bilan imtiyozli kredit va mol-mulk lizingga berilayotganligi, bu oʻzi kabi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochayotganligi haqida oʻz fikrlarini bayon etdi.
Ayni paytda koʻplab mijozlarga sifatli xizmat koʻrsatilayotgan yangi ustaxonadagi ish jarayoni va yosh tadbirkor faoliyati bilan tanishgan Respublika ishchi guruhi aʼzolari uni yanada kengaytirish, ish samaradorligini oshirish boʻyicha yoʻl-yoʻriq va tavsiyalar berdilar.
Tuman hokimligi axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶