“INDIGO” oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari orasida indigo bolalar ulgʻaymoqda
“INDIGO” nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻz faoliyatini boshlaganiga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. 2019-yilning 14-oktyabr sanasida, Mangʻit shahrining Gulzor mahallasida, tadbirkor Gulshirin Ismoilova rahbarligida ilk tarbiyalanuvchilarni oʻz bagʻriga olgan mazkur nodavlat MTTda ayni kunda 25 nafar kichkintoylar tarbiyalanmoqda. Gulzor mahallasi hududidagi namunaviy loyiha asosida bunyod etilgan uy binosida joylashgan NMTTda barcha sharoitlarga ega bolalar oʻyin maydonchasi, mashgʻulotlar xonasi, zarur anjomlar bilan jihozlangan bolalar oromxonalari koʻrgan koʻzni quvnatadi. Ayniqsa, turli bayram sanalari munosabati bilan har xil tadbirlar oʻtkazishga moʻljallangan keng va yorugʻ zal, turfa xil oʻyinchoqlar jamlanmalarining mavjudligi bolajonlarning yayrab oʻsishlari uchun xizmat qilmoqda.
Yashil archa atrofidagi Yangi yil bayrami tomoshalarida bolajonlarimiz rosa yayrashdi, - deydi NMTT rahbari Gulshirin Ismoilova. – Hatto bilagʻon bolajonlarimiz buvilaridan, tarbiyachilaridan eshitgan ertaklar asosida bogʻcha opalari bilan oʻzlari sahna koʻrinishlari tayyorlashdi. Tarbiyalanuvchilarimiz orasida alohida qobiliyatli bolalar koʻp.
Haqiqatan ham oʻz nomiga monand “INDIGO” NMTTda tarbiyalanayotgan kichkintoylar orasida adashmay sonlarni yoddan qoʻshib-ayiradigan, sheʼrlarni bir-ikki takrorlashdayoq yodlab oladigan qobiliyatli bolajonlar anchagina.
- Ajab emas, - deydi tarbiyachi Umida Xudoyberganova, - ular ichidan kelajakda olimlar, mashhurlar chiqishsa. – Tarbiyaviy-taʼlimiy mashgʻulotlarni juda tez oʻzlashtiradigan bolakaylarni koʻrib quvonib ketaman.
NMTTda oʻz ishining fidoyilari boʻlgan jamoa shakllangan. Yordamchi tarbiyachi Dilnoza Xudoyberganova, oshpaz Salomat Oʻrozmetova, hamshira Raʼno Qozoqovalar har bir bolaga alohida eʼtibor qaratishadi. Ularning sogʻlom ovqatlanishlari, ongu shuurida ezgu, yaxshi ishlarga ragʻbat va moyillik uygʻotishi, oʻz xohish-irodalarini, qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun hamisha masʼuliyatni his etib ishlash NMTT xodimlarining burchiga, faoliyatining asosiy mezoniga aylangan.
Ishonamizki, NMTT tarbiyalanuvchilari orasidan, albatta, amudaryolik indigo bolalar yetishib chiqadilar. Chunki yaxshi niyat – ezgu ishlarga qanotdir.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶