Qilichboy ovulida prokuror va yoshlar uchrashuvi oʻtkazildi
Yoshlar hayotidagi muammolarni, ularning istaklarini va takliflarini oʻrganish, qoʻllab-quvvatlash, shart-sharoitlar yaratib berish, bandligini taʼminlashga eʼtibor qaratish maqsadida tuman prokurori barcha hududlardagi yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda.
10-fevral kuni Qilichboy ovulida oʻtkazilgan “Prokuror va yoshlar uchrashuvi”da ham aynan shu masalalarga eʼtibor qaratildi. Uchrashuvda tuman prokurori J.Muftullayev, 2-sektor kotibi X.Allaniyozov, Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi M.Shermetov, boshlangʻich tashkilotlar yetakchilari, korxona-tashkilotlar mutasaddilari, yosh tadbirkorlar va fermerlar, umutaʼlim maktablari bitiruvchilari hamda uyushmagan yoshlar qatnashdilar.

Yigʻilishda tuman prokurori dastlab, mamlakatimizda yoshlarning yuksak marralarni egallashlari uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, cheksiz imkoniyatlar haqida toʻxtalib, yoshlarni oʻqib bilim olishga, shijoat bilan olgʻa intilishga hamda Vatan xizmatiga yaraydigan munosib farzand boʻlishga daʼvat etdi. “Erishgan yutuqlarimiz oʻzimizniki, biz xato va kamchiliklarni oʻrganib, ularni bartaraf etishga harakat qilmogʻimiz kerak!”- degan fikrni hammamiz hayotiy shior qilib olmogʻimiz lozimligini taʼkidladi. Shuningdek, tumanimizning bilimga chanqoq, intiluvchan va izlanuvchan yoshlari haqida oʻzining samimiy fikr-mulohazalarini bildirdi.
Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi raisi M.Shermetov ham yurtimizda yoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular uchun zarur sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, tuman yoshlari ham oʻz oʻrnida bu imkoniyatlardan unumli foydalanishlari kerakligini, ishlab chiqarish korxonalari, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalarini tashkil etib, yangi ish oʻrinlarini yaratishga harakat qilishlari maqsadga muvofiq boʻlishini, bunday tashabbuslar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishini ham gapirdi.

Yoshlar ittifoqi tuman Kengashi bosh sardori Qunduzbek Yoʻldoshev esa Prezidentimizning oʻtgan yil 27-dekabr kungi yoshlar bilan uchrashuvidagi maʼruzasi mazmun-mohiyati, ahamiyatini keng tushuntirdi. Shuningdek, yoshlar bilan ishlashda madaniy-maʼrifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish kerakligini, bu ularda mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarga daxldorlik, vatanga sadoqat tuygʻularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini aytib oʻtdi.
Shundan soʻng, yigʻilish ishtirokchilari va yoshlarning muammolari va takliflari atroflicha tinglandi.
Qoramon ovul fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi fuqaro Yoʻldosheva Barchinoy Qoramon ovul fuqarolar yigʻinida joylashgan 53-sonli umumtaʼlim maktabining eski binosida tikuvchilik tsexini tashkil qilishda amaliy yordam berish boʻyicha murojat qildi.
Xizr eli mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Saidjonov Odilbek, Tosh qalʼa mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Eshchonov Feruz, Besh ovul mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Charshamova Raʼno hamda Doʻrman ovulida istiqomat qiluvchi fuqaro Gulimboyev Shahzodlar mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashishda amaliy yordam soʻrab murojat qilishdi.
Yuqori qishloq mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro Qurbonboyev Poʻlat esa baliqchilik xoʻjaligini tashkil etish uchun yer maydoni hamda Doʻrman ovul fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi fuqaro Oʻrozboyev Ilyos tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida kredit va yer maydoni ajratib berish boʻyicha murojat qilishdi.
Tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 34-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Sultonmurodova Ozodaning maktab bitiruvchi oʻquvchi-yoshlariga biznes loyiha boʻyicha mahorat darsi tashkil qilish, 20-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Gulimmatova Nilufarning maktabga faollar zali qurish, 69-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Bektursinova Sevinchoyning maktab uchun sport anjomlarini ajratib berishda amaliy yordam berish boʻyicha murojaatlari tinglandi. Undan tashqari, 34-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Ibrohimova Marjona ham maktab uchun musiqa cholgʻu asboblarini ajratib berishda, 17-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Bogʻirova Maftuna Xolimbeg ovulida kutubxona tashkil qilish, 20-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Kenjayev Obidjon Doʻrman ovulida maxsus oʻquv kurslarini tashkil qilish, 34-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Omonboyeva Laylo “Temurbeklar” harbiy-sport musobaqasi uchun 20 ta maxsus sport forma olishda amaliy yordam soʻrashdi.

Yigʻilishda ishtirokchilar tomonidan bildirilgan murojaatlar va fikr-mulohazalar yuzasidan tegishli korxona va tashkilotlar masʼullari tomonidan oʻz muddatlarida choralar koʻrish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Yoshlar bilan oʻtkazilgan mazkur uchrashuv barchaga manzur boʻldi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶