QUTURISh KASALLIGI PROFILAKTIKASIGA OID KOʻRGAZMA BOʻLIB OʻTDI
Mamlakatimizda chorvachilikni bugungi kun talabi va xalqaro tajribalar, ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish, aholining sifatli goʻsht va sut mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻlaroq taʼminlash borasida koʻpgina saʼy-harakatlar olib borilayapti. Chorvachilik mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish yoʻnalishidagi ishlarni ilmiy asosda tashkil etish, naslchilik ishlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish va pirovardida qoramollar mahsuldorligi oshishiga erishish asosiy maqsadlardandir. Bu borada tumanimizga chetdan nasldor qoramollar keltirilib, ozuqa tayyorlash qayta ishlash va oziqlantirish texnologiyasiga amal qilinmoqda. Oʻz navbatida kasalliklarning oldini olishga jiddiy eʼtibor berilib, tegishli chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi tomonidan Oʻrta qalʼa ovul fuqarolar yigʻini binosi oldida uy hayvonlarida uchraydigan oʻtkir yuqumli kasallik – quturish kasalligi profilaktikasiga bagʻishlangan koʻrgazma boʻlib oʻtdi. Tadbirda fuqarolar yigʻini masʼul xodimlari hamda ovul aholisi ishtirok etdilar.
Koʻrgazmada dastlab tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimining hayvonlar sogʻligʻini saqlash boʻlinmasi mutaxassisi Tursunboy Abdullayev, tuman Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi shifokori Ahmad Yavbosarovlar aholiga chorva mollarini, shuningdek, it, mushuk kabi uy hayvonlarini yuqumli kasalliklardan, xususan quturish kasalligidan qanday himoya qilish mumkinligi, bunda kasallikka qarshi emlatish juda muhim tadbir ekanligi xususida maʼruzalar qildilar.
Maʼruzalarda taʼkidlanganidek, quturish oʻta yuqumli va oxiri oʻlim bilan tugaydigan kasallik boʻlib, u hayvondan hayvonga, odamga soʻlak orqali yuqadi. Shu boisdan ham kasallikning oldini olishga masʼul boʻlgan Ichki ishlar, Veterinariya va Chorvachilikni rivojlantirish boʻlimlari, tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, Obodonlashtirish boshqarmasi hamkorligida shu yilning 3-fevralidan 3-martigacha boʻlgan davrni “Quturish kasalligiga qarshi kurashish oyligi” deb eʼlon qilindi va mazkur kasallikka qarshi koʻpgina profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yilda 9000 bosh, joriy yil yanvar oyida esa 1170 ta it quturish kasalligiga qarshi emlandi va emlash davom ettirilmoqda.
Mutaxassislar aholiga xonadonlarida uy hayvonlarini, chorva mollarini saqlash qoidalariga amal qilish, quturish kasalligidan himoya qilinish yoʻl-yoʻriqlari hususida ham tavsiyalar berdilar.
Tadbirda hudud veterinariya xodimlariga uy hayvonlarini quturish kasalligiga qarshi emlash uchun vaktsinalar tarqatildi.
Koʻrgazmada aholini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.
Uy hayvonlarini, chorva mollarini quturish kasalligidan saqlash mavzusida oʻtkazilgan mazkur koʻrgazma orqali aholining bu kasallikdan xabardorligi, himoyalanish borasidagi bilimlari oshirildi.
Oygul Rajabova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶