MEHNAT HUQUQIINGIZ BUZILIShIGA YOʻL QOʻYMANG!
Maʼlumki 2020-yilning fevral oyi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan “Xodimlarning mehnat huquqi kafolatlari oyligi” deb eʼlon qilingan.
Shu munosabat bilan tuman adliya boʻlimi tomonidan tumanimizning turli idora va tashkilotlarida xodimlarning mehnat huquqiga oid masalalar yuzasidan sayyor qabullar oʻtkazilib, idora va tashkilot xodimlariga mehnat qonunchiligidagi huquq va majburiyatlari tushuntirilib borilmoqda. Shuningdek, mazkur aktsiya davomida adliya xodimlari mehnat huquqiga oid masalalar yuzasidan monitoringlar ham oʻtkazib bormoqda.
Jumladan, aktsiya davomida 2020-yil 17-20 “Amudaryomaxsussuvpudrat” MChJ va “Amudaryo yoʻllardan foydalanish” unitar korxonalarida shunday monitoringlar oʻtkazildi.
Monitoring davomida “Amudaryomaxsussuvpudrat” MChJning buxgalteriya xisoboti boʻyicha 2020-yil 1-yanvar holatiga korxonaning 28 nafar xodimidan jami 30.041.880 soʻm, 2020-yil 1-fevral holatiga esa korxonaning 47 nafar xodimi ish haqidan jami 86.068.852soʻm qarzdorlik aniqlandi.
Yana bir holatda “Amudaryo yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasida buxgalteriya xisoboti boʻyicha 2020-yil 1-fevral holatiga korxonaning 18 nafar xodimidan ish haqi boʻyicha jami 17.346.821soʻm qarzdorlik aniqlandi.
Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga koʻra mehnatga haq toʻlash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam boʻlishi mumkin emas. Xodimlarning ayrim toifalari uchun alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan ish haqi toʻlashning boshqa muddatlari belgilab qoʻyilishi mumkin.
Shu kodeksning 154-moddasiga koʻra, ish beruvchi oʻzining moliyaviy holatidan qatʼiy nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq ushbu Kodeksning 161-moddasida koʻrsatilgan muddatlarda toʻlashi shart.
Mehnat shartnomasining taraflari kelishuvi bilan belgilangan mehnat haqi miqdori jamoa shartnomasi yoki kelishuvida oʻrnatilgan miqdordan kam boʻlishi mumkin emas.
Monitoring davomida aniqlangan qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻymaslik, ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan adliya boʻlimi tomonidan taqdimnomalar kiritildi.
Bundan tashqari, adliya boʻlimi faqat xodimlarning ish haqlari bilan shugʻullanmasdan, mehnat shartnomasi gʻayriqonuniy bekor qilingan, xodimlarga gʻayriqonuniy ravishda intizomiy jazo qoʻllanilgan holatlarni ham oʻz vakolat doirasida oʻrganib bormoqda.
Amudaryo tumani Adliya boʻlimi tumanda faoliyat yurituvchi barcha idora tashkilot xodimlaridan agarda ularning mehnat huquqi buzilishiga oid murojaatlari boʻlsa, tuman adliya boʻlimiga shaxsan murojaat qilishlari, yoki 61 515 44 15, yoxud 1008 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishlarini soʻrab qoladi.
M.Matyusupov, Amudaryo tuman adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶