OʻZINI OʻZI MEHNAT BILAN BAND QILGAN FUQAROLAR UChUN VAQTINChALIK MEHNAT GUVOHNOMASI BERILADI
Mamlakatimiz fuqarolari oʻzlari xohlagan faoliyat turi bilan shugʻullanib, daromad topishlari va oilasini boqishlari, keksayganda yoshga doir, shuningdek, mehnat layoqatini yoʻqotganda nogironlik pensiyasini olishlari mumkin.
Odamlarimiz orasida shunday toifalari ham borki, biron korxona, idora, tashkilotda oʻziga qulay ish topa olmay, turli mavsumiy ishlarda ishlashadi yoki oilasida tomorqa, chorva bilan shugʻullanib daromad topadi. Biroq uning faoliyati hech qayerda qayd etilmaydi. Bu vaqt oʻtib keksalik nafaqasi yoshiga yetganida nafaqa tayinlash uchun talab qilinadigan mehnat staji yoʻqligi muammosini keltirib chiqaradi.
Hukumatimiz fuqarolarni bunday muammodan himoya qilish maqsadida 2019-yil 9-iyulda oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar uchun vaqtinchalik mehnat guvohnomasini joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Mazkur qarorda 2019-yilning 1-sentyabridan boshlab, oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari, shunday guvohnoma egalariga mehnat stajini hisobga olish va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi toʻgʻrisida” 2019-yil 5-martdagi 4227-sonli qarorini ijro etish yuzasidan va oʻzini oʻzi mehnat bilan band qilish hisobiga oʻzini mehnat daromadi bilan taʼminlaydigan shaxslarning mehnat faoliyatini tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasining qabul qilgan mazkur qarori mamlakatimizning turli mavsumiy ishlarda ishlaydigan fuqarolarining ijtimoiy himoyasini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Mehnat daromadi olishga yoʻnaltirilgan jismoniy va yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatish, ishlarni bajarish boʻyicha shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishga asoslangan faoliyatni mustaqil amalga oshiradigan fuqarolar oʻz oʻzini band qilgan fuqarolar hisoblanadi. Ularga mehnat guvohnomasi mehnat organlari tomonidan ularning yashash joyidan qatʼiy nazar, pulli asosda beriladi. Ushbu toʻlovlarni undirishdan tushgan tushumlarning bir qismi oʻzini oʻzi mehnat bilan band qilgan fuqarolarning pensiya sugʻurtasini taʼminlashga yoʻnaltiriladi.
Oʻzini oʻzi band qilgan fuqaroning vaqtinchalik mehnat guvohnomasi berilgan sanadan boshlab, amal qilishining butun davri mehnat stajiga kiradi. Vaqtinchalik mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga koʻra, jismoniy shaxsning murojaati asosida 1 oydan 12 oygacha boʻlgan muddatga beriladi. Mehnat guvohnomasining amal qilish muddati tamom boʻlguniga qadar oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro yangi, vaqtinchalik mehnat guvohnomasi olish uchun takroran murojaat qilishi mumkin, bunda takroriy murojaatlar soni cheklanmagan.
Mehnat guvohnomasi berilganligi uchun toʻlov ariza beruvchi tomonidan ariza berilgan vaqtda biryoʻla toʻlanadi. Toʻlov miqdori vaqtinchalik mehnat guvohnomasi muddatiga qarab belgilanadi.
Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladigan faoliyat turlariga uyda repetitorlik qilish, bolalarga qarab turish, bemorlar va oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalarga qarab turish va ularni parvarish qilish boʻyicha jismoniy shaxslarga koʻrsatiladigan xizmatlar, uy xoʻjaligini yuritish va uy ishlarini bajarish, shu jumladan, turar joylarni tozalash, ovqat pishirish boʻyicha uy xoʻjaliklariga xizmat koʻrsatish, uyda mebellarni taʼmirlash va yigʻish, murakkab boʻlmagan umumiy qurilish, taʼmirlash-qurilish ishlari kabi koʻpgina xizmatlar kiradi.
Ana shunday faoliyat bilan band boʻlgan fuqarolar vaqtinchalik mehnat guvohnomasi olib, mehnat stajiga ega boʻlishlari mumkin.
Zokirjon XALILLAYeV, Byudjetdan tashqari
pensiya jamgʻarmasi tuman boʻlimi boshligʻi, oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶