Maktabgacha taʼlim tashkilotida “Navroʻz varraklari” sayli oʻtkazildi
Navroʻz – Markaziy Osiyo xalqlari uchun nafaqat milliy bayram, balki yangi dehqonchilik yilining boshlanishi, rizq-roʻz, nasiba uchun qoʻyiladigan ilk qadam, mehnat, yaratish va yashnatish ayyomi. Navroʻzda kattalar bobomeros urf-odat, anʼana va qadriyatlar qadr-qimmatini baland tutib ulugʻlasalar, jajji bolajonlar bu kunga oʻzlarining biri-biridan qiziqarli, goʻzal oʻyinlari bilan fayz kiritadilar.
Mart oyining ilk kunlaridanoq tumanimizdagi barcha oʻquv muassasalarida, maktabgacha taʼlim tashkilotilarida boshlanib ketgan Navroʻzona tadbirlarda fayzli dasturxonlar yozilib, Navroʻzning shoh taomi – sumalaklar, Navroʻz goʻjalar tortildi. Bolajonlar, oʻquvchi-yoshlar asrlar osha avloddan-avlodga maʼnaviy ruh bagʻishlab oʻtib kelayotgan xalq oʻyinlarini maroq bilan oʻynab, zavq-shavqqa toʻldilar.
Joylardagi kabi 6-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida ham bayram munosabati bilan turli tadbirlar oʻtkazilib, kichkintoylarga koʻtarinki kayfiyat ulashildi. Mazkur tashkilotga Shahnoza Qilicheva rahbarlik qiladi. Mamlakatimizdagi maktabgacha taʼlim tashkiloti tizimiga koʻrsatilayotgan eʼtibor va ragʻbat tufayli tizimda keskin oʻzgarishlar, yangilanishlar amalga oshirilmoqda. Soʻnggi 2-3-yil ichida mazkur 6-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida ham faqat nomigagina ish yuritishga barham berildi. Oʻz ishining fidoyilari boʻlgan pedagog-tarbiyachilar safi koʻpayib, maktabgacha taʼlim guruhlari shakllantirildi, mashgʻulotlarda yangi pedtexnologiyalar joriy etildi. Kadrlar malakasi oshirilib, tashkilot faoliyati zamon talablari darajasiga koʻtarildi.
Turli bayram sanalari munosabati bilan tashkil etilayotgan tadbirlarning tashkilot guruhlari uchun belgilangan taʼlim-tarbiyaviy rejalar bilan uzviylikda oʻtkazilayotgani bolajonlar qalbida ona tabiatga, Vatanga, oilaga nisbatan mehr-muhabbat tuygʻularini kamol topshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Navroʻz – umumxalq bayramiga bagʻishlangan bayramona tadbirlar ushbu tashkilotda mart oyining ilk kunlaridanoq boshlanib ketdi. Bolajonlar turli xalq oʻyinlari – “chillak”, “beshtosh”, “bizdan sizga kim kerak”, “qushlar keldi”, “qush uchirmoq” kabi oʻyinlarni maroq bilan oʻynadilar. Ayniqsa, tashkilotda tarbiyalanayotgan 100 nafar kichkintoylar va ularning ota-onalari ishtirokida boʻlib oʻtgan “Navroʻz varraklari” sayli barcha tadbirlardan ham goʻzal va zavqli boʻldi. Mazkur tadbirda bolajonlar ijro etgan bahorni madh etuvchi sheʼr-qoʻshiqlar, shoʻx raqslar barcha ishtirokchilarga cheksiz huzur bagʻishladi.
Tadbirda bolajonlar quvnoq sport oʻyinlarini ham maroq bilan oʻynadilar. Quvlashmachoq, toʻsiqlar osha yugurish, koptok irgʻitish kabi oʻyinlarda bolajonlar oʻzlarining chaqqon va epchilliklarini namoyish etdilar. Shundan soʻng oʻtkazilgan varrak uchirish musobaqasi bolajonlarga cheksiz zavq-shavq ulashdi.
Bahorni madh etuvchi joʻshqin musiqa sadolari joʻrligida varraklarini uchirgan bolajonlarning shodligi, qiyqiriqlari olamni tutdi. Biri-biridan baland uchgan turfa rang varraklar bahor va Navroʻz tashrifidan darak beruvchi elchilar kabi ona elimiz Amudaryo osmonida parvoz qilganida goʻyo bolajonlarning qalblarida yangi-yangi orzular, tinchlik, hamjihatlik, doʻstlik va totuvlik tuygʻularini uygʻotdi. Har bir jajji qalbda ona Vatanga cheksiz muhabbat, uygʻonayotgan ona zaminga, tabiatga mehr yanada mustahkamlandi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶