UYShINDA BAHOR OʻZ SEPINI YoYDI, NAVROʻZ TANTANA QILINDI
Mamlakatimizning shimoli hisoblanmish bizning hududimizga ham intiq kutilgan bahor oʻz sepini yoymoqda, tabiat uygʻonib, dov-daraxtlar yashil libos kiymoqda. Bahor havosidan qalblarga tarovat, iliqlik inmoqda. Kun bilan tunning bahoriy tengkunligi – Navroʻz ham kirib keldi.
Shu munosabat bilan 13-mart kuni Uyshin ovulida joylashgan 47-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida “Assalom, Navroʻz” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi.Unda maktab oʻqituvchilari, oʻquvchilari, hudud aholisi va faxriy oʻqituvchilar ishtirok etib, bayramni nishonladilar.
Tadbirda oʻquvchilar eʼtiboriga xalqimizning eng qadimiy va milliy bayrami boʻlgan Navroʻzning kelib chiqish tarixi va asrlar osha yashab, bizgacha yetib kelgan ushbu qutlugʻ sana munosabati bilan ado etiladigan milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz haqida batafsil maʼlumotlar beruvchi maʼruza oʻqildi.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, Navroʻz bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qatʼiy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Bu bayram qadim-qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab kelayotgan, elimizni, yurtimizni ulugʻlab kelayotgan bayram. Chunki qadimda Navroʻz keng dala qirlar, togʻlar, bogʻlar qoʻynida butun elu ulus bilan birgalikda nishonlangan. Bunday sayllarda oddiy dehqon ham, amaldor ham barchasi birdek ishtirok etgan, Navroʻzning tantanali kutib olinishiga oʻz hissasini qoʻshgan. El, ulus bilan birlikni, totuvlikni yana bir karra his qilgan. istiqlol tufayli qayta tiklangan milliy bayramlarimiz orasida Navroʻzi olamning oʻrni boʻlakcha, mehr-oqibat, ezgulik, saxovat, muruvvat kabi yurtdoshlarimizning yuksak insoniy fazilatlari yaqqol namoyon boʻluvchi ushbu bayram xalqimizning azaliy anʼanalariga hamohangligi bilan yanada qadrlidir.
Xalqimiz ozodalikni, sarishtalikni azal-azaldan yuksak qadrlab keladi. Ayniqsa, bayram, qutlugʻ kunlar oldidan bu odatlar yanada yaqqol namoyon boʻladi.
Bayram munosabati bilan har yili oʻtkaziladigan obodonchilik, bunyodkorlik ishlari va hududimizni ozoda, sarishta qilish yoʻlidagi harakatlarimiz tufayli chor-atrof yanada chiroy ochadi. Bunda bayram oldidan oʻtkaziladigan xayriya hasharining ahamiyati juda katta.
Maktab badiiy havaskorlari ijrosida tayyorlangan musiqiy dasturda ham Navroʻz, koʻklam, obod va farovon yurtimiz madh etildi. Oʻzaro mehr-oqibatli, qadimiy qadriyatlarga sodiq maktab oʻqituvchilar jamoasi va mahalla kayvoni onalari hamkorligida qaynatilgan ikki ulkan doshqozondagi sumalak bayram dasturxoniga tortildi. Keksa va nuroniy otaxon, onaxonlar va barcha “omonlik, omonlik, hech koʻrmaylik yomonlik” deya niyat qilib, ushbu bahorning darmonbaxsh taomlaridan totdilar, shunday dorilomon, farahli kunlarga yetganiga shukrona aytdilar, butun dunyoga tinchlik, omonlik tilab duo qildilar.
Oʻyin-kulgu davom etdi. Ayniqsa, oʻquvchilarning xalqimizning milliy qoʻshiqlarini, aytishuvlarini mahorat bilan ijro etishlari, jozibali raqslari yigʻilganlarga zavq-shavq bagʻishladi.
Navroʻz bayrami boshlanishidan sakkiz kun oldin oʻtkazilgan ushbu tadbir barchaga haqiqiy bayram shodligini hadya etdi, oʻchmas xotiralar qoldirdi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶