Koronavirus pandemiyasi davrida tuman Dezinfektsiya stantsiyasi tomonidan MTTlarda dezinfektsiya chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni saqlash, yashash muhiti xavfsizligini va inson sogʻligʻini muhofaza qilishni taʼminlash, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tizimini takomillashtirish, ushbu sohada malakali kadrlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Mazkur sohada taʼsirchan monitoring va nazoratni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Aholining sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunga muvofiq aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning institutsional salohiyatini oshirish, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi kabilar boʻyicha tegishli chora-tadbirlar yoʻlga qoʻyildi.
Mazkur qonunga binoan butun mamlakatimizda Dezinfektsiya stantsiyalari tashkil etildi. Qonunning 34-moddasiga muvofiq yuqumli va parazitar kasalliklar paydo boʻlishi, tarqalishining oldini olish, ularning doirasini kamaytirish hamda ularni bartaraf etish maqsadida epidemik koʻrsatkichlar boʻyicha dezinfektsiya tadbirlari amalga oshiriladi. Davlat sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi organlar tomonidan bajariladigan ushbu profilaktik dezinfektsiya tadbirlari esa yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida dezinfektsiya stantsiyasi tomonidan oʻtkaziladi.
Maʼlumot tariqasida aytish kerakki, karantin eʼlon qilingan kundan boshlab, bugungi kunga qadar butun respublikadagi 91,5 foiz, yaʼni 9210 ta xalq taʼlimi tizimidagi taʼlim muassasalarida dezinfektsiya ishlari amalga oshirildi. Oʻzbekistonda 100dan ortiq dezinfektsiyalovchi vosita turlari roʻyxatga olingan boʻlib, ularning barchasi ishlatilishiga ruxsat berilganligi sababli barcha hududlarda dezinfektsiya chora-tadbirlari toʻliq bajarilishiga qatʼiy amal qilinmoqda.
Tuman Dezinfektsiya stantsiyasi ham xoʻjalik hisobida ish olib boruvchi davlat korxonasi sifatida tashkil qilingan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 1999-yil 12-dekabrda tasdiqlangan buyrugʻi asosidagi Ustavga koʻra faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Dezinfektsiya stantsiyasi tomonidan hozirgi kunga qadar aholi orasida qizamiq va boshqa yuqumli kasalliklarning kelib chiqishi, tarqalishining oldini olish, ularni kamaytirish hamda kasallikni tarqatuvchi omillarga qarshi kurashishga qaratilgan profilaktik dezinfektsiya, dezinsektsiya, deratizatsiya ishlari muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan edi. Koronavirus infektsiyasi tarqalishishning oldini olish maqsadida joriy qilingan karantin boshlanganidan buyon esa tumanimizdagi barcha maktabgacha taʼlim muassasalarida va shartnoma qilingan boshqa joylarda dezinfektsiya tadbirlari amalga oshirildi.
Dezinfektsiya – virus tarqalishining oldini olishda samarali vositadir. Tuman Dezinfektsiya stantsiyasi mutaxassislari shu boisdan hududda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash, yuqumli kasalliklarning oldini olish, bugungi kunda dunyoni sarosimaga solayotgan koronavirus infektsiyasi tarqalishiga toʻsqinlik qilishda oʻzlarining samarali hissasini qoʻshishmoqda.
Charos Arslonova,
tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶