IShChI GURUH AʼZOSI G. UBBIYeVA AHOLI XONADONLARIGA TAShRIF BUYuRDI
Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi davrida joriy qilingan karantin qoidalari xalqimizni nafaqat ogoh yashashga, balki oʻz turmush tarzini isloh qilishga ham oʻrgatdi. Har bir xonadon, har bir oila sohibi uchun sogʻlom hayot sari intilish oltin qoidaga aylandi. Bu esa kundan-kunga chiroy ochib borayotgan obod qishloq va mahallalar qiyofasida oʻz aksini topmoqda.
Ayni kunda tumanimizning qaysi goʻshasiga bormang, biri-biridan soʻlim va fayzli koʻchalar, bogʻ-rogʻlarga burkangan hovli-yu xonadonlarni koʻrib, qalbingiz havasga, faxrlanish tuygʻusiga toʻladi. Butun mamlakatimiz boʻylab “Jonajon yurtim obodligiga oʻz hissamni qoʻshaman!” shiori ostida davom etayotgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlari tumanimiz ovul va mahallalarida tobora keng tus olayotganiga guvoh boʻlasiz. Mazkur shior ostida Qoraqalpogʻiston Respublikasi mahallalaridagi xonadonlarni yanada obod va koʻrkam qilish boʻyicha 2020-yil iyun-avgust oylarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar ijrosi bilan tanishish maqsadida joriy yilning 15-16-iyun kunlari Qorqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bosh mutaxassisi, ishchi guruh aʼzosi Gulasen Ubbiyeva tumanimizda boʻlib, ovul va mahallalar fuqarolar yigʻinlari masʼullari hamda aholi vakillari bilan uchrashdi.
Gulasen Ubbiyeva tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi bosh mutaxassisi Gavhar Chimboychiyeva hamrohligida Doʻrman, Qilichboy, Oʻrta qalʼa ovullari hamda Ayoqchi, Xizr eli, Mangʻit shahrining Doʻstlik va Boyovul mahallalarida boʻlib, mazkur hududlardagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Gulasen Ubbiyeva uyma-uy kirib borib, aholi bilan muloqotlar oʻtkazish jarayonida koʻchalarning ozodaligiga, uylarning fasad qismlarida olib borilgan taʼmirlash va pardozlash ishlarining sifatiga, koʻrkamligiga, har bir ovul va mahalladagi namunali koʻcha, namunali xonadon, eng orasta tomorqaga aholida eʼtibor berdi. Har bir ovul va mahallada ana shu kabi shinam, fayzli, obod xonadonlarni koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, Gulasen Ubbiyeva Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi masʼullari hamrohligida tumandagi kam taʼminlangan oilalar ahvolidan ham xabar oldi. Xususan, Doʻrman ovulida yashovchi Gulshod Tojiboyeva, Gulnora Xoʻjametova, Qilichboy ovulida istiqomat qiluvchi Muqaddas Tajimurodova hamda Xizr eli mahallalik Bogʻdagul Masharipovalarning oilalarida boʻlib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni oʻrgandi. Kam taʼminlangan oilalarga homiy tashkilotlar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatildi.
Bu sinovli kunlar ham ortda qolib, yana avvalgi hayot tarzi davom etishiga xalqimizda umid va ishonch katta. Shu bois tumanimiz aholisi ham karantin qoidalariga amal qilib, oʻz uylarida tomorqa va boshqa yumushlar bilan band boʻlishmoqda.
Pandemiya sharoitida davlatimiz tomonidan berilayotgan koʻmak, koʻrsatilayotgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan nihoyatda mamnun boʻlgan oilalar masʼullarga minnatdorlik bildirdilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶