JOʻMRAKNI BURAGANDIM, ChELAGIMGA “MANGʻIT ARNA” QUYILDI
Assalomu alaykum hurmatli Telba Telbaboyev! Joʻrajon, Sizga tilagim shu – doimgi tilak. Keling, masalaning indallosiga oʻtaqolaylik. Mana, gazeta tahririyatida amaliyotdasiz, nimalardir yozasiz. Eshitishim boʻyicha matbuot muammolarni yoshi ullilarga yetkazarkan. Bizda ham dard yoʻq emas. Bosh ogʻritib maktub bitishimdan maqsad – kichkinagina ehtiyojlarimizni aytib oʻtishdir...
Joʻrajon, suv degani nima? Suvsiz tiriklik boʻladimi? Odam ekologik toza obihayot isteʼmol qilmas ekan, yaxshi hayot kechiradimi? Joʻrajon, bunga mening oʻz javoblarim bor, istagim – ishga masʼullarning fikrini bilishdir. Telba Telbaboyev, bu borada biror harakat boshlasangiz, rosti, xursand boʻlardik.
Endi boʻlgan voqeani aytib oʻtsam. Bir kuni deng, suvning yuqi ham qolmagan chelaklarimni vodoprovod tagiga qoʻyib, joʻmragini burasam, ochigʻi, tushunmay qoldim. Chelakdagi ichimlik suvimi yoki Mangʻit arna kanalining oʻzimi? Isbot soʻrasangiz bor. Dalil soʻrasangiz bor. Guvohga kelsak, Nuqtaboyev Uch-nuqtadan oʻtadigani yoʻq.
Joʻrajon, suv degani shu boʻlgandan keyin odam kasal boʻlmay, sigirim ogʻrisinmi? Kimni koʻrsang, buyragiga tosh yigʻilgan, butun tanasini tuz bosgan. Bu ahvolda xalq genofondiga zarar yetmaydimi? Telba Telbaboyev, ayting ularga, haqlarini oldimi, bahona izlamasdan ishlasinlar. Odam odamni hurmat qilmaydigan zamonmi? Bandasi Yaratgan Egamdan qoʻrqmaydigan zamonmi? Unda shoʻrimiz qurigani shu boʻlmay, uyimizning gullaganimi?
Telba Telbaboyev, dunyoda ne hol, bilaman. Ammo rivojlanish yoʻlidan borayotgan, xalq manfaatlari har nedan ustun boʻlgan bizning davlatimizga ushbu ishlar yarashmaydi, joʻrajon, javob maktubingizni kutaman.
“Nuqtaboyev Uchnuqta maktubi”ni
Telba Telbaboyev
oqqa koʻchirdi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶