TUMAN OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XALQ BILAN HAMNAFAS
Jamiyat hayotida OAV alohida oʻrin tutadi. Milliy matbuotimiz rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ bobokalonimiz Abdulhamid Choʻlpon ham “Matbuot hukumatning xalq bilan jonli muloqoti va unga bajargan ishlari haqida hisobot berish minbaridir” degan edi. Ushbu fikrlar haliga qadar oʻzining ahamiyatini yoʻqotmagan. Soha fidoyilari boʻlgan jurnalistlar mehnati bilan matbuot rivojlanishda davom etmoqda.
Tumanimizda chop etilib kelayotgan “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi ham zamonga hamnafas qadam tashlab, aholining axborotga boʻlgan ehtiyojini taʼminlab kelmoqda. “Taraqqiyot koʻzgusi” va uning ilovasi “Mening oilam” gazetalari tuman hayotining haqiqiy koʻzgusi desa ham boʻladi. Gazetalarimiz sahifalarida yoritilayotgan mavzular dolzarbligi, hayotiyligi bilan mushtariylari koʻnglidan oʻrin olgan. Tahririyatning jonkuyar xodimlari tomonidan turli mavzudagi, janrdagi maqolalar, xabarlar keng yoritilmoqda. Tahririyatimiz hisobidagi ikkita xizmat avtomashinalarida gazetalarimiz tumanimizning chekka joylaridagi obunachilarga ham tezkor yetkazib berilmoqda.
2014-yilda tahririyat binosi mukammal taʼmirlanishi natijasida ancha zamonaviy koʻrinishga ega boʻldi. Bugun tahririyatda faoliyat yurituvchi har bir xodimning xonasi kompyuter, ofis jihozlari bilan taʼminlangan.
Zamon bilan hamnafas boʻlish maqsadida tahririyat negizida 2012-yildan mustaqil OAV maqomini olgan amunews.uz sayti ishga tushirildi. Endilikda ushbu sayt orqali barcha internet foydalanuvchilari tumanimiz hayotiga doir jarayonlarni kuzatib borish imkoniyatiga ega. Ushbu sayt eng koʻp koʻriladigan 500 ta internet resurslari qatoridan joy olgan. Shu oʻrinda tahririyat qoshida tashkil etilgan “Jayhun sadosi” internet-radiosi ham oʻz auditoriyasiga ega ekanligini eʼtirof etish joiz. 2015-yilda tashkil qilingan “Jayhun ilhomlari” nodavlat notijorat tashkiloti ham isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tashkilot tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot tadbirlari tashkil qilinib, yoshlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib kelinmoqda. Tashkilot tarkibidagi yangi adabiyotlar jamlangan kutubxona tumanimiz kitobsevarlarining sevimli maskaniga aylanishga ulgurdi. 2020-yilda yangidan “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi davlat korxonasi” nashriyoti tashkil qilingani va ayni paytda ushbu nashriyot tomonidan turli yoshdagi ijodkorlarning ijod namunalarini kitob holida chop etish yoʻlga qoʻyilgani ham tahririyat ijodiy jamoasining hamkorlikda qoʻlga kiritgan yutugʻi hisoblanadi.
“Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi 2015-yil “Eʼtirof” Respublika tanlovida “Eng yaxshi hududiy gazeta” yoʻnalishi boʻyicha 1-oʻrin sohibi boʻldi. Tahririyat 2015-yilda Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining “Faxriy yorligʻi” bilan ham taqdirlandi. Tahririyat Oliy majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlovchi jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan 15 tadan ziyod tanlovlarda oʻz loyihalari bilan ishtirok etib, grant mablagʻlarini qoʻlga kiritdi va loyihalarni amalga oshirishda huquqiy organlar, jamoat tashkilotlari, mahallalar va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ish olib borildi.
Amudaryo televideniyesi ham mana 10-yildirki, turli janrlardagi koʻrsatuvlari bilan tomoshabinlar eʼtiborini qozonib kelmoqda.
Amudaryo televideniyesi koʻrsatuvlari 2010-yildan efirga uzatilib, oʻsha yilning 2-sentyabridan faoliyat boshlab televideniye tahririyati tumandagi “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda faoliyat olib bora boshladi. Ikkala tahririyat oʻrtasidagi ijodiy hamkorlik natijasida gazetada chop qilingan koʻplab ocherklar, maqolalar asosida telekoʻrsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatildi. Telekanal orqali namoyish qilingan yangiliklar asosida tayyorlangan xabarlar esa gazetada chop etildi. Oʻtgan davr mobaynida televideniye tuman aholisining axborotga boʻlgan ehtiyojini taʼminlab, tumandagi yangiliklar bilan tanishtirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Namoyish etilgan teledasturlar, tuman hayotining barcha sohalaridan tayyorlangan telemateriallar, albatta, tomoshabinlarga manzur boʻlayapti.
Telekanal dasturlari dastlab haftada 3 kun, kuniga 2 soatdan, faqatgina Mangʻit shahri va shahar atrofidagi hududlarda efirga uzatildi. Hozirgi kunda esa telekanal koʻrsatuvlari Mangʻit, Nukus, Qoʻngʻirot va Moʻynoq shaharlaridagi raqamli televizion stantsiyalari orqali kuniga 18 soat efirga uzatilib, nafaqat tumanimiz, balki Qoraqalpogʻistonning deyarli barcha hududlari, hatto Xorazm viloyatining, qoʻshni Turkmaniston Respubikasining ayrim hududlari aholisi ham telekanalning rang-barang koʻrsatuvlaridan bahramand boʻlmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik oʻtish boʻyicha Davlat dasturi asosida Amudaryo telekanali ham 2019-yilning yanvar oyidan boshlab analog tizimdan raqamli formatga oʻtkazilishi natijasida teledasturlarni uzatish xizmatlarining sifat koʻrsatkichlari tubdan yaxshilanib, efir vaqti va telekanal dasturlarining tarqatilish hududlari kengaydi.
Tuman hokimligining amaliy yordami bilan 2019-yilda telekanal tahririyati joylashgan binoda kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Natijada turli mavzulardagi tok-shoular, informatsion dasturlar, koʻngilochar hamda bolalarbop koʻrsatuvlarni tasvirga olish uchun yetarli sharoitlar yaratildi.
Tahririyat bir necha marta Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan ajratilgan davlat grantlari gʻolibi boʻldi va qator loyihalarni amalga oshirdi.
Efirga uzatilayotgan teledasturlar orqali tahririyat milliy istiqlol gʻoyalarini targʻib qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholining siyosiy, huquqiy va tibbiy madaniyatini oshirish, mamlakatimizda roʻy berayotgan islohotlarni keng targʻib qilish hamda millatlararo totuvlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Oʻz ustida ishlab, televideniyening imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda teletomoshabinlarga biri-biridan qiziqarli koʻrsatuvlar tayyorlab kelayotgan tahririyatning ijodiy va texnik xodimlari doim izlanishda.
Mana shu ahil va intiluvchan ijodiy jamoaning samarali mehnatlari natijasida telekanal Qoraqalpogʻistonda faoliyat yuritayotgan telekompaniyalar ichida birinchilardan boʻlib, jonli efirni yoʻlga qoʻydi. Qolaversa, internetdan samarali foydalanilib, ijtimoiy tarmoqlarning teleefir uzatish dasturiy taʼminotiga integratsiya qilingani teletomshabinlar bilan faol va jonli muloqot oʻrnatilishiga zamin yaratmoqda.
Jurnalistlar xalqqa yaqin boʻlishi, ommaviy axborot vositalari esa jamiyat va fuqarolar oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarishi lozim. Bu tumanda faoliyat koʻrsatayotgan matbuot, televideniye va radio tahririyatining oldiga qoʻyilgan eng oliy maqsadlardan biri hisoblanadi. Ana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yoʻlida matonat bilan xizmat qilayotgan OAV jonkuyarlari, fidoyilariga ijodiy barkamollik, yuksak parvozlar tilaymiz.
Ozoda XUDOYBERGANOVA, jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶