AMUDARYo TELEVIDENIYeSI BUGUN OʻZ MUXLISLARIGA EGA
Televideniye – ommaviy axborot vositalarining oʻziga xos, alohida bir turidir. Butun jahon miqyosida televideniye boshqa ommaviy axborot vositalari orasida axborot uzatishda imkoniyati keng vosita hisoblanadi. Amudaryo televideniyesi ham mana 10-yildirki, turli janrlardagi koʻrsatuvlari bilan tomoshabinlar eʼtiborini qozonib kelmoqda.
Telekanal dasturlari dastlab haftada 3 kun, kuniga 2 soatdan, faqatgina Mangʻit shahri va shahar atrofidagi hududlarda efirga uzatilgan boʻlsa, hozirgi kunda nafaqat tumanimiz, balki Qoraqalpogʻistonning deyarli barcha hududlari, hatto Xorazm viloyatining, qoʻshni Turkmaniston Respublikasining ayrim hududlari aholisi ham telekanalning rang-barang koʻrsatuvlaridan bahramand boʻlmoqda.
Amudaryo televideniyesi koʻrsatuvlari 2010-yildan efirga uzatilib, oʻsha yilning 2-sentyabridan tumandagi “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi tahririyati bilan hamkorlikda faoliyat olib bora boshladi. Ikkala tahririyat oʻrtasidagi ijodiy hamkorlik natijasida gazetada chop qilingan koʻplab ocherklar, maqolalar asosida telekoʻrsatuvlar tayyorlanib, efirga uzatildi. Telekanal orqali namoyish qilingan yangiliklar asosida tayyorlangan xabarlar esa gazetada chop etildi. Oʻtgan davr mobaynida televideniye tuman aholisining axborotga boʻlgan ehtiyojini taʼminlab, tumandagi yangiliklar bilan tanishtirishga oʻzining munosib hissasini qoʻshib kelmoqda. Namoyish etilgan teledasturlar, tuman hayotining barcha sohalaridan tayyorlangan telemateriallar, albatta, tomoshabinlarga manzur boʻlayapti.
2014-yilning 2-choragidan boshlab, telekanal asosiy efir vaqtining davomiyligi haftasiga 12 soatdan 20 soatga uzaytirildi.
Oʻzbekiston Respublikasida raqamli televideniyega texnik va texnologik oʻtish boʻyicha Davlat dasturi asosida Amudaryo telekanali ham 2019-yilning yanvar oyidan boshlab analog tizimdan raqamli formatga oʻtkazilishi natijasida teledasturlarni uzatish xizmatlarining sifat koʻrsatkichlari tubdan yaxshilanib, efir vaqti va tarqatilish hududlari kengaydi.
Hozirgi kunda telekanal koʻrsatuvlari Mangʻit, Nukus, Qoʻngʻirot va Moʻynoq shaharlaridagi raqamli televizion stantsiyalari orqali kuniga 18 soat efirga uzatilmoqda.
Tuman hokimligining amaliy yordami bilan 2019-yilda telekanal tahririyati joylashgan binoda kapital taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.
Natijada turli mavzulardagi tok-shoular, informatsion dasturlar, koʻngilochar hamda bolalarbop koʻrsatuvlarni tasvirga olish uchun yetarli sharoitlar yaratildi.
Bundan tashqari, telekanal tahririyatining moddiy-texnik bazasini yaxshilashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda.
Birgina oʻtgan 2-yil ichida yuqori sifatli, raqamli formatdagi teledasturlarni tasvirga olish va shakllantirish uchun raqamli video kameralar, montaj kompyuterlari, yoritgichlar, ovoz yozish qurilmalari va boshqa zarur jihozlar xarid qilindi. Natijada turli mavzudagi, turfa xil yoshdagi tomoshabinlarga moʻljallangan teledasturlarni tayyorlash imkoniyati yaratildi.
Tahririyatning zamonaviy, eng soʻnggi rusumdagi aloqa va dasturiy taʼminot vositalaridan samarali foydalanishi natijasida telekanalda SMS-muloqotlar, televiktorinalar, jonli efirdagi koʻngilochar dasturlar hamda jonli ijroda, jonli efirdagi kontsert dasturlari namoyish qilinib, teletomoshabinlarga manzur boʻlmoqda.
Tahririyat bir necha marta Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan ajratilgan davlat grantlari gʻolibi boʻldi va qator loyihalarni amalga oshirdi.
Efirga uzatilayotgan teledasturlar orqali tahririyat milliy istiqlol gʻoyalarini targʻib qilish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, aholining siyosiy, huquqiy va tibbiy madaniyatini oshirish, mamlakatimizda roʻy berayotgan islohotlarni keng targʻib qilish hamda millatlararo totuvlik munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Oʻz ustida ishlab, televideniyening imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda teletomoshabinlarga biri-biridan qiziqarli koʻrsatuvlar tayyorlab kelayotgan tahririyatning ijodiy va texnik xodimlari doim izlanishda.
Mana shu ahil va intiluvchan ijodiy jamoaning samarali mehnatlari natijasida telekanal Qoraqalpogʻistonda faoliyat yuritayotgan telekompaniyalar ichida birinchilardan boʻlib, jonli efir yoʻlga qoʻyildi. Qolaversa, internetdan samarali foydalanilib, ijtimoiy tarmoqlarning teleefir uzatish dasturiy taʼminotiga integratsiya qilingani teletomshabinlar bilan faol va jonli muloqot oʻrnatilishiga zamin yaratmoqda.
Jurnalistikaning barcha yoʻnalishlari kabi televideniye ham xalqqa yaqin boʻlishi, jamiyat va fuqarolar oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajarishi lozim. Bu telekanal ijodkorlarining oldiga qoʻygan eng oliy maqsadlaridan biri hisoblanadi. Ana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yoʻlida matonat bilan xizmat qilayotgan Amudaryo televideniyesi tahririyati ijodiy va texnik jamoasiga, har bir hamkasbimga ijodiy barkamollik, yuksak parvozlar tilab qolaman.
Ozoda XUDOYBERGANOVA,
jurnalist.
Suratlarda: ATVda ish jarayonidan lavhalar.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶