Amudaryoda tashabbuskor yoshlar qoʻllab-quvvatlanmoqda
Yurtimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularga oʻz xohish-istaklarini, maqsadlarini amalga oshirish uchun barcha imkoniyat hamda sharoitlar yaratib berilmoqda. Ertamiz egalari boʻlgan yoshlarning hayotda oʻz oʻrinlarini topishiga, komil, barkamol inson boʻlib yetishishlariga koʻmak berish orqali kelajagi buyuk Oʻzbekistonni barpo etish maqsadiga erishishga poydevor yaratilishi shubhasiz.
Bugun yoshlarimiz orasida ularga qaratilayotgan eʼtibor, cheksiz imkoniyatlarni toʻgʻri anglab yetgan holda, samarali foydalanib, oʻz maqsadi, kelajagi sari olgʻa odimlayotgan ertamiz egalari talaygina. Tumanimizdagi Nazarxon ovulida istiqomat qiluvchi Bahodir Yoʻldoshev ham shunday yoshlardan biri. Bahodirning oʻzini band qilish maqsadidagi tashabbusi “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” MChJ hamda tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Jamiyat tomonidan nazarxonlik yosh tashabbuskorga mehnat qilib daromad topishi uchun 14,1 ga yer maydoni ajratildi.
Joriy yilning 20-iyun sanasida yoshlarning ularga berilgan imkoniyatlardan qay darajada foydalanayotganining guvohi boʻlish va ularni qiynayotgan muammolarni joyida hal qilish maqsadida tuman prokurori Javlon Muftullayev, tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi boshligʻi Hamro Matyakubovlar nazarxonlik Bahodir Yoʻldoshevning ekin maydonlariga tashrif buyurdilar.
Mutasaddilar mehnatsevar hamyurtimizning oʻziga berilgan yer maydonida makkajoʻxori hamda beda urugʻlarini ekib, parvarishlab, sifatli mahsulot yetishtirish maqsadida tinimsiz mehnat qilishayotganining guvohi boʻlishdi. Ayni paytda bu imkoniyat orqali nafaqat Bahodirning, balki butun oila aʼzolarining bandligi taʼminlanib, yer oila uchun qoʻshimcha daromad manbayi boʻlib xizmat qilmoqda.
Shu oʻrinda aytish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining yoshlar boʻyicha yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash yuzasidan tuman hokimining qarori bilan “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga tuman yer zaxiralari fondi hisobidan jami 501,6 gektar ekin yer maydonlari qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va poliz ekinlarini yetishtirish uchun ajratib berilgan. Mazkur yer maydonlari tumanimizdagi koʻplab yoshlar uchun ish oʻrinlari va daromad manbai boʻlishi bilan birga, aholini qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va poliz ekinlari bilan uzluksiz taʼminlashga ham hissa boʻlib qoʻshilmoqda. Shu yoʻl bilan tumanda 74 nafar uyushmagan yoshlarning bandligi taʼminlangan.
Shuningdek, ushbu yer maydonlarini ekishga tayyorlash uchun “Moʻynoq kelajagi bunyodkorlari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2 dona “New Holland” rusumli traktorlar ajratib berilgan. Bugungi kunga qadar 50 gektar yer maydoniga beda, 73,8 gektar yerga makkajoʻxori, 14,4 gektar yer maydoniga kungaboqar, 20 gektar yerga poliz ekinlari, 5 gektar yerga kunjut, 20 gektar yerga joʻxori, 204,9 gektar yerga sholi ekildi. Yoshlar tomonidan jami 389,1 gektar yer maydoniga ekilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari sifatli parvarishlanmoqda.
Mutasaddilar tashrif chogʻida Bahodir Yoʻldashevning ish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, yoshlar bilan suhbat qurdilar. Mehmonlar ayni chogʻda ekin maydonlarida bedani press qilish jarayonini ham kuzatishdi. Suhbat mobaynida yoshlar ushbu jarayon haqida, uning sir-asrorlari xususida maʼlumotlar berib oʻtdilar. Qolaversa, oʻzlarining takliflari, fikr-mulohazalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Nazarxonlik yoshlarning oʻzlariga qaratilayotgan eʼtibor hamda berilgan imkoniyatdan samarali faoydalangan holda qilayotgan barakali mehnatlari zamirida ertamiz egalarining kelajakka boʻlgan mustahkam ishonchi mujassamdir. Ularning faoliyati bilan yaqindan tanishgan mehmonlar ham bu borada iliq taassurotlarga ega boʻlishdi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶