1 MING 233 TA EHTIYoJMAND OILANING 5 MING 879 NAFAR AʼZOSIGA 220 MING SOʻMDAN MODDIY YoRDAM PULLARI BERILDI
Koronavirus infektsiyasi sababli davom etayotgan karantin sharoitida aholini ijtimoiy himoya qilish va ehtiyojmand oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash borasida qator amaliy ishlar qilinmoqda. Bu borada muhim oʻrin tutayotgan, xalqimizning tarixiy, maʼnaviy qadriyatlarini namoyon etgan "Saxovat va koʻmak" umumxalq harakatini yanada kuchaytirish maqsadida davlatimiz rahbari muhim hujjatni imzoladi.
Joriy yilning 30-iyul kuni qabul qilingan “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon bu borada muhim dasturulamal boʻlib xizmat qilmoqda. Mazkur Farmon bilan moddiy yordam pullari joriy yilning 15-avgustiga qadar oʻz egalariga yetkazilishi belgilab berilgan boʻlib, Amudaryo tumanimizda ham ushbu hujjat ijrosini taʼminlash, ijtimoiy koʻmak pullarini ehtiyojmand oilalarga oʻz vaqtida yetkazish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Tuman hokimi, sektorlar rahbarlari, hokimlik masʼul xodimlari, shuningdek, barcha mutasaddilar tumanimizda karantin davrida shakllantirilgan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, ehtiyojmand oilalar roʻyxati, yaʼni “Temir daftar” asosida moddiy yordam pullarini oʻz egalariga yetkazishdi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, ayni pandemiya davrida aholining kambagʻal qatlamlariga uch bosqichda yordam koʻrsatilmoqda. Jumladan, “Temir daftar” shakllantirilgandan keyin unda roʻyxatga olingan kam taʼminlangan oilalarga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali pul, oziq-ovqat va dori-darmon vositalari bepul tarqatildi. Farmonning 5-bandiga binoan roʻyxatga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga Qurbon Hayiti arafasida moddiy yordam koʻrsatildi.
Bu boradagi xayrli tadbirlar davom etmoqda. Prezident Farmonining 1-bandida, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning har bir aʼzosiga respublika byujetidan jon boshiga 220 ming soʻmdan bir martalik moddiy yordam koʻrsatilishi belgilanganligi bois uni amalga oshirish boʻyicha ham tegishli choralar koʻrildi.
Dastlab “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar joriy yilning 1-avgust holatiga bandligi taʼminlangani va doimiy daromad manbai yaratilganligi munosabati bilan sektor rahbarlarining tavsiyasi hamda oila boshligʻining bu toʻgʻrisidagi yozma murojaati asosida, Xalq deputatlari tuman Kengashining qarori bilan “Temir daftar”dan chiqarildi. Shundan soʻng, ularning oʻrniga 1233 ta ehtiyojmand oilalarning roʻyxati yangidan shakllantirildi. Jumladan, 1-sektor hududidagi 362 ta, 2-sektor hududidagi 383 ta, 3-sektor hududidagi 409 ta va 4-sektor hududidagi 179 ta ijtimoy himoyaga muhtoj oilalar yangidan shakllantirilgan “Temir daftar”ga kiritildi. Tumanda “temir daftar”ga kiritilgan 1 ming 233 ta oilalarning aʼzolari soni jami 5 ming 879 nafar boʻlib, ularning har biriga respublika byujetidan jon boshiga 220 ming soʻmdan iborat pullar bank plastik kartalari orqali tarqatilib, bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi.
Qayd etib oʻtish joizki, “Temir daftar”ga mehnatga layoqatsiz, nogironligi boʻlgan va surunkali kasallikka chalingan aʼzolari mavjud boʻlgan, shuningdek, yakka-yolgʻiz keksalar, bevalar va oʻzgalar qaramogʻiga muhtoj kam taʼminlanganlardan iborat, yoki besh va undan koʻp farzandi bor oilalar, koronavirus pandemiyasi sababli qoʻllanilgan karantin choralari natijasida oʻzining daromad manbaini yoʻqotgan hamda haqiqatda ehtiyojmand, nochor va moddiy koʻmakka muhtoj oilalar kiritiladi.
Moddiy yordam pullarini olgan yurtdoshlarimiz shunday ogʻir, sinovli kunlarda oʻzlariga qaratilayotgan bunday eʼtibor, mehr-muruvvatdan benihoya quvonchda ekanliklarini bildirdilar hamda buning uchun davlatimiz rahbari va barcha mutasaddilarga oʻz minnatdorchiliklarini izhor etdilar.
Tuman hokimligi Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶