YOʻL-TRANSPORT HODISALARINING OLDINI OLIShGA BAGʻIShLANGAN YIGʻILISh OʻTKAZILDI
Hayot tasodiflarga toʻla. Ertalab oʻz kundalik tashvishlari bilan uyidan koʻchaga chiqib ketayotgan odam oʻzini oldinda nimalar kutayotganini hech qachon bilmaydi. Buxoro viloyatining Kogon tumanida yashovchi bir yurtdoshimiz ham oʻz yashash joyidan yuzlab chaqirim olisda, Amudaryo tumanining “Qipchoq-Mangʻit-Turkmaniston” chegara yoʻli boʻylab harakatlanib borayotganida avtohalokatga uchradi. Ushbu avtohalokat oqibatida hayotdan koʻz yumishini bilganida, balki u olis yoʻlga chiqmagan boʻlar edi. Lekin afsuski, bu falokat sodir boʻldi va ushbu fuqaro bizning tumanimizda, tuman Tibbiyot birlashmasining jonlantirish boʻlimida hushiga kelmasdan vafot etdi.
Joriy yilning 20-oktyabr sanasida, Qipchoq ovul fuqarolar yigʻini maʼmuriy binosida boʻlib oʻtgan mutasaddi idoralar rahbarlari, Qipchoq ovuli masʼullari va ovul faollari, keng aholi vakillari ishtirokidagi yigʻilishda aynan ana shu yoʻl-transport hodisasi oqibatlari muhokama etildi.
Tuman hokimining oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldoshev raisligida oʻtkazilgan mazkur yigʻilishni Qipchoq ovul fuqarolar yigʻini raisi Soatboy Nametov ochdi va yigʻilganlarni kun tartibidagi asosiy masala – “Qipchoq-Mangʻit-Turkmaniston” chegarasi yoʻlida 2020-yil 16-oktyabr kuni yuz bergan yoʻl-transport hodisasi va kelgusida shu kabi koʻngilsiz holatlar sodir boʻlishining oldini olish chora-tadbirlari haqida qisqacha toʻxtalib oʻtdi.
Shundan soʻng, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Ulugʻbek Xudoyberganov yigʻilish kun tartibidagi masalaning oʻta muhimligi, mamlakatimizda inson oʻlimiga sabab boʻladigan yoʻl-transport hodisalarining koʻpayib borayotgani, bunga asosan transport boshqaruvchilar, shu bilan birga oddiy yoʻlovchilarning eʼtiborsizliklari sabab boʻlayotgani, aholi zich yashaydigan hududlardan oʻtuvchi avtomobil yoʻllari boʻyicha zarur yoʻl belgilari oʻrnatish masalasiga eʼtiborsizlik bilan qaralayotgani, juda koʻpchilik holatlarda avtotransport vositalari haydovchilari mavjud yoʻl belgilariga ahamiyat bermasliklari xususida hayotiy misollar orqali zarur maʼlumotlar berdi.
Tuman hokimining oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi, Alisher Yoʻldoshev sodir etilayotgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olishda jamoat tashkilotlari, mahalla va taʼlim muassasalarining oʻzaro hamkorligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi. Shu bilan birga tumanimiz aholisi orasida mast holda avtotrasport boshqarish holatlari kuzatilayotgani, oqibatda yoʻl-trasport hodisalari yuz berayotgani, koʻpchilik haydovchilar yoʻl harakati qoidalarini yaxshi bilmasliklari, bilganlari esa bu belgilarga eʼtibor qilmasliklari tufayli baxtsiz hodisalar yuz berayotganini taʼkidladi.
Tuman Ichki ishlar boʻlimining yoʻl harakati xavfsizlik xizmati boʻlimi boshligʻi Dilshod Aminov bu kabi koʻngilsiz hodisalarning sodir boʻlmasligi uchun yoʻl harakati qoidabuzarliklariga nisbatan keskin choralar koʻrish, tumanimiz hududida huquqbuzarliklarning oldini olishga qarshi kurash choralaridan eng afzali bu masalada keng jamoatchilikning faolligini, yoʻlovchi madaniyatini oshirish ekanligi, ayniqsa, aholi zich yashaydigan hududlardagi yoʻl boʻylariga yangidan maxsus belgilar oʻrnatish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, yigʻilishda Qipchoq ovuli faollari ham soʻzga chiqishib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi. Yigʻilish kunida muhokama etilgan masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶