SURUNKALI ALKOGOLIZMGA ChALINGAN ShAXSLAR MAJBURIY DAVOLANIShGA YuBORILDI
Oʻzbekiston Respublikasining “Surunkali alkogolizm, giyohvandlik yoki zaharvandlikka mubtalo boʻlgan bemorlarni majburiy davolash toʻgʻrisida”gi Qonunning 26-moddasida jamoat tartibini buzayotgan, boshqa shaxslarning huquqlarini buzayotgan, yoxud aholining osoyishtaligini, sogʻligini va maʼnaviyatini xavf ostida qoldirayotgan surunkali alkogolizmga mubtalo boʻlgan bemorlar sud qaroriga muvofiq majburiy davolash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tarmogʻining maxsus davolash muassasalariga joʻnatilishi koʻrsatilgan.
Qayd etilgan toifadagi shaxslarni majburiy davolashga joʻnatish toʻgʻrisidagi masala sud tomonidan ochiq sud majlisida koʻrib chiqiladi. Tibbiyot xulosasi mavjud boʻlgan holda ichki ishlar idoralari tashabbusiga koʻra yoki bemor oila aʼzolarining, yoxud qarindoshlarining, mehnat jamoalarining, sogʻliqni saqlash muassasalarining, shuningdek, ichkilikbozlikka va giyohvandlikka qarshi kurash boʻyicha tuman komissiyalarining arizasiga asosan tayyorlanadigan va joʻnatiladigan materiallar asosida hal etiladi.
Joriy yilning 13-oktyabr sanasida Jinoyat ishlari boʻyicha Ellikqalʼa tuman sudida surunkali ichkilikbozlikka berilib ketgan 4 nafar shaxsga doir ish koʻrib chiqildi. Ushbu shaxslar doimiy ravishda oila aʼzolarining, atrofidagilarning tinchini buzayotganligi sababli tegishli tartibda oʻrganib chiqildi. Surunkali alkogolizm kasalligiga chalingan deb topilganligi sababli ularni yana sogʻlom hayotga qaytarish maqsadida majburiy davolanishga yuborish lozim degan xulosaga kelinib, sud yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bu kabi noxush holatlarni keltirib chiqarayotgan, mutasaddi tashkilotlar tomonidan olib borilayotgan targʻibot va tushuntirish ishlariga rioya etmasdan, spirtli ichimliklar isteʼmol qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimayotgan fuqarolarni toʻgʻri yoʻlga solish va ularni oilasi bagʻriga qaytarish, jamiyat rivojiga oʻz hissasini qoʻshadigan insonlar qatoriga qoʻshilishiga amaliy yordam berish barchamizning insoniylik burchimiz boʻlishi lozim.
O.Maulenov, Jinoyat ishlari boʻyicha Ellikqalʼa tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶