AMUDARYoDA “YaNGI OʻZBEKISTON – YaNGIChA DUNYoQARASh” ShIORI OSTIDA TARGʻIBOT TADBIRLARI BOShLANDI
Mamlakatimizda yurtboshimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida xalq manfaatlariga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbus hayotga samarali tatbiq etilmoqda.
Ushbu islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqimizga yetkazish, targʻibot tadbirlarini “mahallabay” tashkil etish va oʻtkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida tuzilgan targʻibot guruhi tumanimizda boʻldi. Qoraqalpogʻiston Respublikasida “Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy tadbirlarda ishtirok etuvchi madaniyat, adabiyot va sanʼat namoyandalaridan iborat targʻibot guruhi aʼzolari tarkibiga Respublikamizdagi oliy taʼlim muassasalari vakillari, Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari jalb etildi.
Targʻibot guruhi aʼzolari 10-noyabr kuni tumanimizdagi Olmazor, Boyovul, Alisher Navoiy, Boʻston nomli mahallalardagi aholi vakillari bilan uchrashdilar. Mazkur uchrashuvlar 82-sonli maktabdan boshlanib, 9-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabi, tuman Tibbiyot birlashmasi hamda 38-sonli maktablarda davom ettirildi.
Aytish kerakki, mazkur targʻibot tadbirlarida qator samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, aholi vakillari yurtimizda va dunyoda boʻlayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan xabardor qilinmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati jamoatchilikka taʼsirchan usullarda yetkazilmoqda.

Shuningdek, aholining kayfiyatini koʻtarish, ularda islohotlarga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlash, mehr-oqibat, shukronalik, oʻzaro yordam kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yanada kuchaytirishga qaratilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilmoqda.
Qolaversa, aholi orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida maxallalarda, taʼlim muassasalari va tashkilotlarda arzonlashtirilgan narxlarda kitob savdo yarmarkalari tashkil etildi. Aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan ikki bosqichli – mahalla va tuman miqyosidagi “Eng kitobxon oila”, “Eng kitobxon oʻquvchi” kabi koʻrik-tanlovlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha rejalar ishlab chiqildi.
Targʻibot guruhlari tomonidan oʻtkazilayotgan tadbirlarda mahalliy aholi maʼlum qilingan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va takliflarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va amaliy yordam berishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning barkamol boʻlib voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bir qancha muhim islohotlarlar olib borilib, amaliy ishlar yoʻlga qoʻyildi hamda muayyan natijalarga erishilmoqda. Shunga qaramay, bu borada bajariladigan ishlar hamisha keng koʻlamli boʻlib, oʻz dolzarbligini saqlab qolaveradi. Mazkur islohotlarning uzviy davomi sifatida mahallalarda tashkil qilinayotgan keng qamrovli tadbirlarga aholi vakillari, ayniqsa, yoshlarni jalb etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Targʻibot-tashviqot tadbirlaridan yanada ulkan marralar koʻzlangan.
Tumanimizga tashrif buyurgan targʻibot guruhi aʼzolari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilib, tadbirlarining oʻz vaqtida va yuqori saviyada oʻtkazilishiga koʻmaklashishga sektorlar rahbarlari jalb qilindi.
Targʻibot tadbirlari davom etmoqda.
Charos Arslonova, tuman hokimligining Axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶