TARGʻIBOT TADBIRLARI DAVOM ETMOQDA
“Yangi Oʻzbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida aholi vakillarini yurtimizda va dunyoda boʻlayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan xabardor qilish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida jamoatchilikka taʼsirchan usullarda yetkazish maqsadida tumanimizda 10-noyabr kuni boshlangan targʻibot tadbirlari qizgʻin tusda davom ettirilmoqda. Yuksak saviyada tashkil qilinayotgan mazkur maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar yurtdoshlarimizda yuqori kayfiyat uygʻotib, ulardagi islohotlarga daxldorlik tuygʻularining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
11-noyabr kuni boʻlib oʻtgan tadbirlar Chordara, Yangiobod, Durunki, Gulzor, Oybek, Farovon, Beruniy nomli mahallalari aholisi uchun Amudaryo muhandislik texnikumi, 82- va 5-sonli maktablarda, “Temurbek” toʻyxonasi, “Boʻston” kafesi, “Bek” va “Orzu” toʻyxonalarida tashkil qilindi.
Targʻibot tadbirlarida mamlakatimizda yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganligi hamda mazkur islohotlar zamirida yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish zarurligi taʼkidlanmoqda.
Aytish joizki, mamlakatimizda yoshlarga koʻmak berish, ularning har sohadagi isteʼdod va imkoniyatlarini roʻyobga oshirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ezgu tashabbuslarini ragʻbatlantirish, qiziqish va intilishlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bugunning muhim masalalaridan sanaladi.

Targʻibot tadbirlari 12-noyabr kuni tumanimizdagi Qilichboy va Doʻrman ovullarida hamda Xizr eli, Besh ovul, Boʻz solma, Qoramon, Tosh qalʼa mahallalarida oʻtkazildi. Shu kuni dastlab “Qilichboy” madaniyat markazida tashkil etilgan madaniy-maʼrifiy tadbir yurtdoshlarimizga koʻtarinki ruh bagʻishladi. Keyingi tadbirlar kun davomida mazkur hududlardagi taʼlim maskanlari – 84-, 46-, 37-, 70-sonli maktablarda boʻlib oʻtdi. Aholiga oʻzgacha kayfiyat baxsh etayotgan tadbirlar 23-, 34-, 8-sonli maktablarda ham davom ettirildi.

Targʻibot guruhi aʼzolari yurtimizda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlarni aks ettiruvchi targʻibot materiallarni hamda videoroliklarni tadbirlar davomida yurtdoshlarimiz eʼtiboriga havola qilishmoqda. Barcha hududlarda boʻlib oʻtayotgan tadbirlarda ishtirok etayotgan aholi mazkur targʻibot vositalari orqali davlatimiz tomonidan turli jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida yanada chuqurroq maʼlumotlarga ega boʻlishmoqda.
Targʻibot guruhi tomonidan tumanimizdagi har bir ovul hamda mahallaga kirib borish, tumanimizning eng chekka hududlarida istiqomat qiluvchi yurtdoshlarimiz bilan uchrashish, ularga ham yuqori kayfiyat ulashish maqsadida bir kunda 7-8 ta mahallada madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil qilinmoqda. Oʻtkazilayotgan tadbirlarda mamlakatimizda yosh avlodni maʼnaviy barkamol inson etib tarbiyalash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishni tashkil etishga koʻproq ahamiyat qaratish lozimligi toʻgʻrisida soʻz yuritilmoqda. Kelajak egalari boʻlgan yoshlarimizning sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishlarini oshirish boʻyicha beshta muhim tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar ularning hayotda oʻz oʻrnini topishida, Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshadigan komil inson boʻlib yetishishlarida, yurtimizni yanada taraqqiy ettirishda beqiyos ahamiyat kasb etishi taʼkidlanmoqda.

Targʻibot tadbirlari tumanimizning ovul va mahallalarida davom etmoqda.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶