DINIY EKSTREMIZMGA QARShI KURASh BOʻYIChA SEMINAR OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik umummilliy gʻoyalarimizdan biri hisoblanadi. Bizga ajdodlarimizdan ulkan diniy-maʼnaviy meros qolgan. Buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Margʻinoniy, Bahouddin Naqshbandiylar tomonidan yaratilgan fiqhiy, diniy-ahloqiy asarlar barcha musulmon mamlakatlarida diniy-maʼrifiy ishlarda dasturilamal boʻlib xizmat qilmoqda.
Islom dini vujudga kelganiga mana 14 asr boʻlibdiki, u maʼrifat dini sifatida qadrlanmoqda. Ammo ming afsuski, diniy mutassiblikka berilgan, dinni hokimiyatni qoʻlga kiritish usuli sifatida koʻrishga urinayotgan ayrim kimsalar islom dinini notoʻgʻri talqin qilib, oʻzlarining gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanib kelmoqdalar. Bugungi kunda jamiyat va davlat tinchligi, uning xavfsizligiga taxdid solishga urinayotgan turli xil diniy-ekstremistik oqimlarni aniqlash, ularning noqonuniy faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida butun dunyo taraqqiyparvar kuchlari tomonidan hamkorlikda koʻplab tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Maʼlumotlarga qaraganda yer yuzida soʻnggi oʻn yillikda dunyoning 112 ta mamlakatida 14 ming 934 ta terrorchilik akti sodir etilgan.
Tuman Ichki ishlar boʻlimi masʼullari tomonidan Favqulodda vaziyatlar boʻlimi hamda Milliy gvardiya xodimlari ishtirokida diniy ekstremizmga qarshi kurash mavzusida oʻtkazilgan seminarda ishtirokchilarga bu borada keng maʼlumot va tushunchalar berildi. Xususan, mamlakatimizda diniy ekstremizmga qarshi kurash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hayotiy misollar orqali koʻrsatib berildi.
Oʻzbekiston hududida diniy ekstremistik tashkilotlarning faoliyati kuchayishi mustaqillikning ilk yillariga borib taqaladi, aynan sovet tuzumidan yangi mustaqil davlatga oʻtish davridagi boʻshliq sabab ayrim hokimiyatparast kuchlar qoʻzgʻalishga uringanlar. Ammo davlat huquqni muhofaza qilish organlarining faol harakati bois, ularning faoliyatiga chek qoʻyilgan.
Bugungi kunda Oʻzbekistonda 20 dan ortiq diniy-ekstremistik tashkilotlarning faoliyati taʼqiqlanib kelinmoqda. Ilm-fan rivojlanishi, axborot texnologiyalari sohasidagi yangi yutuqlar bois, XXI asr kiberterrorizmning kuchayishiga olib keldi va internet tarmoqlari orqali 100 mingdan ortiq diniy adovat, terrorizm, separatizmni targʻib qiluvchi materiallar insonlar ongini zaharlamoqda. Turli xil messenjerlar orqali oʻzlarining puch gʻoyalarini yoshlar ongiga singdirishga diniy ekstremistik tashkilotlar tomonidan harakat qilishlar kuchaymoqda. Ular internet tarmoqlari orqali oʻz tarafdorlarini koʻpaytirib, portlovchi moddalarning qanday tayyorlanishi, jihod amali haqidagi videodarsliklarni joylab, ularni kelgusidagi jihodiy harakatlarga daʼvat qilib kelmoqdalar. Terrorizm va ekstremizmning dunyo boʻylab yoyilishi ichki va tashqi omillarga borib tarqaladi. Yashash hududidan uzoq muddatga chiqib ketayotgan ayrim fuqarolar, afsuski, diniy tushunchasi zaifligi bois, baʼzi ekstremistik guruh aʼzolarining nishoniga aylanib, aldov qurboni boʻlmoqdalar.
Seminar davomidagi maʼruzalarda bu kabi salbiy holatlarning oldini olishda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki jamoat birlashmalari, davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorlikda profilaktik tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.
Shuningdek, hozirgi davrda missionerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi guruhlar oʻz dinlarini yoyish maqsadida har qanday davlatga oʻzini niqoblagan holda kirib, fuqarolarni daʼvat etib kelishayotgani, Respublikamizda 120 dan ortiq konfessiyalar mavjudligi, ularning qonuniy faoliyatiga hech qanday toʻsqinliklar qilimayotgan boʻlsa-da, ayrim noislomiy konfessiyalar oʻz eʼtiqodlarini yoyishga urinayotganligi toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Shu oʻrinda masʼullar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faol xizmatlari davomida ushbu noqonuniy diniy konfessiyalarning faoliyatiga chek qoʻyilib kelinayotgani ham aytib oʻtildi.
Fuqarolarning bunday missionerlik faoliyati qurbonlariga aylanishining oldini olish, barchani ogohlikka chorlash, ularning diniy bilimlarini kengaytirish maqsadida tuman IIB xodimlari, bir qator jamoat tashkilotlari va mahalla imom-xatiblari bilan hamkorlikda shu kabi tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.
Boʻlib oʻtgan seminarda ovul va mahallalar raislari hamda ularning oʻrinbosarlari, shu barobarida aholining faol vakillari bilan tuman IIB, FVB hamda Milliy gvardiya xodimlari oʻrtasida doimiy hamkorlikka amal qilish, uyushmagan yoshlar bilan ishlashish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, aholi bandligini taʼminlashga asosiy eʼtibor qaratish lozimligi taʼkidlandi.
Otabek Bekchanov, tuman IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish guruhi kata tezkor vakili.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶