“MEN – BOLAMAN VA MENING HAM HUQUQLARIM BOR” MAVZUSIDA OChIQ DARSLAR TAShKIL QILINDI
Inson huquqlari haqida soʻz borar ekan, eng avvalo, bola huquqlari koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Zero, inson shaxsiyati aynan bolalikda shakllanadi, toblanadi. Bola huquqlari himoyasi taʼminlangan jamiyatdagina kelajakning chinakam vorislari kamol topadi, oʻziga boʻlgan ishonch va hurmat tuygʻusi ortadi. Yurtimizda bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga munosib yashash va oʻqish sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Joriy yilning 13-noyabr sanasida tuman Xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 1-sonli hamda 40-sonli umumtaʼlim maktablarida bola huquq va erkinliklari himoyasiga bagʻishlangan ochiq darslar tashkil qilindi. 1-sonli maktabning 5-“A” sinfida oʻqituvchi Muhabbat Xudoybergenova, 5-“V” sinfda Zevar Atajanova, 6-“A” sinfda Dilnoza Ibrohimova, 7-B sinfda Mahbuba Tojiboyeva, 7-V sinfda Dilnoza Qodirovalar “Men – bolaman va mening ham huquqlarim bor!” mavzusida ochiq darslar tashkil qildilar. Ochiq darslarda mahoratli pedagoglar tomonidan mavzu zamonaviy innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda, taʼsirchan yetkazib berildi.
Xususan, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning taʼsirchan tizimini yaratish maqsadida qabul qilingan “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bu boradagi ishlarni amalga oshirishda muhim hujjat boʻlib xizmat qilmoqda.
Bu borada yurtimizda yetarlicha huquqiy asos yaratilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori bilan bola huquqlari erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning taʼsirchan tizimini yaratish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili, yaʼni Ombudsman oʻrinbosari – Bola huquqlari boʻyicha vakil lavozimi joriy etilgan.
Bola huquqlari boʻyicha vakilga bir qator vazifalar yuklatildi. Masalan, u imkoniyati cheklangan bolalar, shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tarbiya muassasalarini tamomlagandan keyin ularning ijtimoiy moslashuviga koʻmaklashadi. Shuningdek, tarbiya muassasalarini tamomlagan uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning turar-joy bilan taʼminlanishiga yordam beradi.
Bola huquqlari himoyasiga bagʻishlangan ochiq darslar 40-sonli maktabning 5-“A” sinfida oʻqituvchi Sayyora Tilovova tomonidan, 6-“A” sinfida Dilbar Xoʻjamurodova, 6-“B” sinfda Muborak Rajabova, 8-“G” sinfda Elyor Haytboyev, 9-“A” sinfda Iroda Yaxshimurodovalar tomonidan ham tashkil qilindi.
Aytish kerakki, umumtaʼlim maktablarida “Men – bolaman va mening ham huquqlarim bor!” mavzusida ochiq darslarni tashkil qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad bolalarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha xalqaro va milliy qonunlar toʻgʻrisida bilimlarni shakllantirish, farzandlarimizni umuminsoniy va umummadaniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatda va butun dunyoda boʻlayotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy voqealarga daxldorlik tuygʻusini shakllantirishdan iborat.
Shu maqsadda tashkil qilingan ochiq darslar oʻquvchilarni kichik guruhlarga ajratgan holda noanʼnaviy tarzda, turli innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda oʻtkazilishi oʻquvchilarning oʻz huquqlari va erkinliklarini bilishga boʻlgan qiziqishlarini yanada oshirdi. Oʻqituvchilar darslarda mavzu yuzasidan taqdimotlar, tarqatma materiallar, qiziqarli oʻyin metodlaridan foydalandilar.
Darslarda oʻquvchilar bola huquqlari himoyasi borasida oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga toʻliq javoblar oldilar. Shuningdek, bu boʻyicha tushunchalarini mustahkamlab, bilimlarini yanada boyitdilar.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶