PROBATsIYa GURUHI NAZORATIDAGI 5 NAFAR ShAXS MUDDATIDAN OLDIN JAZODAN OZOD ETILDI
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda jazoni ijro etish tizimini takomillashtirish, qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida mahkumlarni axloqan tuzatish va ijtimoiy moslashtirish ishlarining samaradorligini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jinoyat-ijroiya qonunchiligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori asosida Probatsiya xizmati tashkil etilib, 2019-yil 1-yanvardan oʻz faoliyatini boshlagan edi. Ushbu Qaror ichki ishlar organlarining ozodlikdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuni alohida eʼtirof etish kerakki, tumanimizda ham ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi nazorati ostidagi ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazolarga hukm qilingan shaxslarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularning bandligini taʼminlash, oʻqishga va ishga joylashtirish, nazorat ostidagilarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish, eng asosiysi, shaxsni tarbiyalash kabilar borasida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 11-dekabr sanasida tuman Ichki ishlar boʻlimining majlislar zalida oʻtkazilgan yigʻilishda ham tuman IIB Probatsiya guruhi nazoratidagi shaxslarning muammolarini hal etishga koʻmaklashish, qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berish, bandligini taʼminlash va ular tomonidan qayta jinoyatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish boʻyicha masalalar muhokama etildi. Shuningdek, mazkur yigʻilishda tuman IIB Probatsiya guruhi tomonidan keltirilgan 5 ta taqdimnomalarni koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov, tuman prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman hokimi oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldoshev, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Otabek Masharipov, tuman Ichki ishlar organlari Probatsiya guruhi xodimlari hamda Probatsiya guruhi nazorati ostidagi shaxslar ishtirok etishdi.

Yigʻilish kun tartibidagi asosiy masala – Probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslarning muammolarini hal etishga koʻmaklashish, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berish, bandligini taʼminlash, kasb-korga yoʻnaltirish, qayta jinoyat yoʻliga kirishlarining oldini olish yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov atroflicha toʻxtalib oʻtdi. U oʻz soʻzida Probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslarga sud hukmi talablariga amal qilishlari shartligini qayta jinoyatga qoʻl urmasliklarini, mamlakatimizda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrarligini, qonunni mensimaslik shaxsni jazodan ozod etmasligini, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 15- va 73-moddalari mazmun-mohiyati haqida batafsil tushunchalar berdi.
Yigʻilish kun tartibidagi ushbu masala yuzasidan tuman Prokurori Javlonbek Muftullayev, tuman hokimining oʻrinbosari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi Alisher Yoʻldoshev, tuman IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari Otabek Masharipovlar ham soʻzga chiqishib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Shundan soʻng, nazoratda turgan shaxslarning muammolari oʻrganilib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.
Yigʻilish kun tartibidagi ikkinchi masala – Probatsiya guruhi tomonidan keltirilgan 5 ta taqdimnomalar boʻyicha ishlar ochiq sayyor sud majlisida koʻrib chiqildi. Sayyor sud majlisi jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari asosida axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm etilgan 3 nafar hamda ozodlikni cheklash jazolariga hukm qilingan 2 nafar shaxslar oʻrnatilgan tartib-qoida talablarini bajarganliklari, mehnatga halol munosabatda boʻlganliklari sababli Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasiga asosan oʻtalmagan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindilar.
“Probatsiya” – bu sinov, degani. Demak, Probatsiya guruhi nazoratida turgan shaxslar ushbu nazorat, yaʼni sinov davrida oʻzini yaxshi xulq-atvorli, mehnatga halol munosabatda boʻlish orqali namoyon etsa, odil sud hamisha har bir shaxsning haq-huquqini himoya qiladi va odil hukm chiqaradi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶