KITOBGA MEHR
Kitob - shunchaki qogʻozlar jamlanmasi emas. Unda tarix voqealari, bugungi turmush tarzimiz yoxud kelajak orzularimiz, umuman, katta hayot qaynab yotadi.
Kitob kirgan uyga maʼrifat, ziyo kiradi, inson hayotida benihoya katta ahamiyatga ega. Bunday uyda oʻziga xos fayzu tarovat sezilib turadi.
Inson umri davomida koʻrgan va eshitganlari bilan fikrini, ongini boyitib boradi. Kitob esa tafakkurni yuksaltiruvchi bebaho manbadir.
Kitob oʻqish inson hayotida zarurmi?
Qaysi kutubxonaga aʼzo boʻlgansiz?
Qanday kitoblar oʻqigansiz?
Bugungi kitob bozori sizni qoniqtiradimi? Undan oʻzingiz istagan yo yoqtirgan kitoblarni topa olasizmi?
Kitob doʻkonlariga tez-tez kirib turasizmi? Shu kunlarda qanday kitob oʻqiyapsiz?
Shu savollarga javob topish maqsadida oʻquvchilarim bilan tumanimiz markazida joylashgan kutubxona va "Kitob savdo doʻkoni”ga tashrif buyurdik.
Kutubxona xodimlari oʻquvchilarni iliq chehra bilan kutib oldilar. Kitob maskanida turli tuman kitoblar borligini, bu yerga aʼzo boʻlib istagan paytda kelib kitob oʻqish mumkinligini aytdilar.
Bir necha oʻquvchilar kutubxonaga aʼzo boʻlishdi.
- Men kelajakda kutubxonachi boʻlmoqchiman. Kitoblarni javonga terib, kimga qanday kitob kerak boʻlsa, uni tezda topib berishni xohlayman. Buning uchun kitobni koʻp oʻqishim kerak, - deydi har bir kitobga koʻz yugurtirib Dilnoza.
Mirzabek, Munojat, Ilhomjon, Durdona, Muhayyolar kitob haqida sheʼr, maqollar aytib berishdi.
Shahzodning "har bir inson kitob bilan doʻstlashsa, undan koʻp narsalarni bilib olishi mumkin” degan fikrlari barchaga yoqdi.
Kutubxona xodimlari yosh kitobsevarlarga oʻqishlarida omadlar tiladilar.
Kutubxonachi opalar bilan xayrlashib, kitob bozoriga yoʻl oldik.
Koʻpchilik bolajonlarimiz bu yerga ilk bora kelganligi, shunday chiroyli, shinam kitob rastalari xilma-xil va turli mazmundagi kitoblar bilan toʻlib turganligini koʻrib, oʻz hayajonlarini yashira olmadilar. Har bir kitobni varaqlab koʻrib, qaysi birini olsam ekan deb pichirlashadi.
- Tumanimiz markazidagi "Kitob doʻkoni”ga onam bilan tez-tez kelib turaman. U yer sevimli maskanim. Yangi kitoblar xarid qilib turaman. "Oʻzbek xalq ertaklari”, "Sirli tovoqcha” kitoblarini xarid qilib olib, oʻqib chiqdim, - deydi Dilshodbek.
Xulosa oʻrnida shuni aytmoqchiman: bolalarni yoshlikdan kitobni sevishga, mustaqil mutolaaga oʻrgatish ayniqsa muhimdir. Kitob ularning fikrlash qobiliyatini oʻstiradi, ilmiy dunyoviy bilimlarini oshiradi, hayotni sevishga oʻrgatadi, qalblarda eng yaxshi orzu-istaklarni uygʻotadi, aqlni charxlaydi. Kitob bilan doʻst boʻlgan bola yomon illatlardan yiroqda boʻladi. Shunday ekan, ota-onalar farzandlarining boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishi uchun ham ularning mustaqil oʻqish faoliyatini kuzatib, kerakli maslahatlar berib borishlari lozim.
Sayyora JUMAMURODOVA,
40-sonli umumtaʼlim maktabining boshlangʻich sinf oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶