NAVOIY NOMLI MAHALLADA TUMAN FVB TOMONIDAN AMALIY-TAKTIK MAShGʻULOT OʻTKAZILDI
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hududiy komissiyasining 2020-yil 25-noyabrdagi hamda tuman hokimligining 2020-yil 28-noyabr sanasidagi majlisi bayoni ijrosini taʼminlash maqsadida “Aholini va hududlarni Favqulodda vaziyatlarda muhofaza qilish oyligi” oʻtkazilmoqda. Ushbu oylik doirasida tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimi tomonidan turli mavzularda amaliy-taktik va oʻquv mashgʻulotlari, fuqarolar muhofazasi bilan bogʻliq davra suhbatlari, ovul va mahallalar fuqarolar yigʻinlari vakillari ishtirokida tushuntirish-targʻibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
2020-yilning 25-dekabr sanasida Mangʻit shahridagi Navoiy nomli mahalla fuqarolar yigʻini faollari va aholi vakillari ishtirokida Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi xizmatlarining qish mavsumiga tayyorgarlik holati hamda “Quturish kasalligining oldini olish uchun daydi hayvonlarni yoʻq qilish” mavzusida amaliy-taktik maxsus oʻquv mashgʻuloti oʻtkazildi. Oʻquv mashgʻulotiga Amudaryo tuman Favqulodda vaziyatlar boʻlimining Favqulodda vaziyatlar davlat tizimi fuqaro muhofazasi faoliyatini tashkil etish xavfsizlik xizmati targʻibot boʻlinmasi boshligʻi Bekzod Tojiboyev rahbarlik qildi.
Navoiy nomli mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Mirzo Ulugʻbek nomidagi koʻchada istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatlarga asosan hamkorlikdagi tashkilotlar bilan birgalikda “Quturish kasalligining oldini olish va daydi hayvonlarni yoʻq qilish” mavzusida oʻtkazilgan amaliy-taktik oʻquv mashgʻulotida avvalo, ushbu mahalla fuqarolaridan birini daydi it tishlab olgani, jabrlangan shaxsga tez tibbiy yordam koʻrsatilib, uni toʻliq davolash choralari koʻrilgani aytib oʻtildi.
Bundan tashqari, hududga tuman Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boʻlimi hamda tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi mutaxassislari zudlik bilan kelishib vaziyatni oʻrgangani, jarohat olgan shaxsning quturish kasalligiga qarshi emlangani xususida batafsil maʼlumot berildi. Shu bilan birga, mahalla hududidagi xonadonlar oʻrganilib, uylarda aholi tomonidan boqilayotgan uy hayvonlarini quturish kasalligiga qarshi emlash va emlanganlik holati uy hayvonlariga berilgan pasportda qayd etilishi kerakligi taʼkidlandi.
Boʻlib oʻtgan amaliy-taktik oʻquv mashgʻulotida tuman Obodonlashtirish boshqarmasining qarovsiz hayvonlarni tutish brigadasiga 2020-yilning dekabr oyi davomida 19 ta ariza kelib tushgani taʼkildab oʻtildi. Murojaatlar asosan tumanimizning Oq oltin, Xolimbeg, Amir Temur nomli, Xitoy, Toʻlqin ovul fuqarolar yigʻinlari, shuningdek, Qipchoq shaharchasi, Uyshin, Chordara, Ayoqchi mahallalari hissasiga toʻgʻri keladi. Ushbu murojaatlar ijrosini taʼminlash maqsadida qarovsiz va xavfli deb hisoblangan 72 bosh daydi itlar, 28 bosh daydi hayvonlar ushlanib, maxsus qafaslarda maʼlum muddat boqilgach, quturish kasalligi alomatlari boʻlmagan hayvonlar, agar egasi murojaat qilsa, maxsus yoʻl-yoʻriq va tavsiyalar orqali zarur tushunchalar berilib, egalariga qaytarish choralari koʻrildi. Quturish kasalligi alomatlari kuzatilgan hayvonlar esa tegishli tartibda yoʻq qilindi. Quturish kasalligi alomatlari kuzatilgan hayvonlar qaysi hududdan keltirilgan boʻlsa, oʻsha hududdagi barcha uy hayvonlari Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boʻlimi mutaxassislari tomonidan quturish kasalligiga qarshi tegishli tartibda emlash ishlari olib borildi.
Boʻlib oʻtgan amaliy-taktik oʻquv mashgʻulotida ishtirokchilarga bu borada toʻliq maʼlumotlar berildi. Shu bilan birga har bir fuqaroning “Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlarda muhofaza qilish oyligi”da faol ishtirok etishi zarurligi, bu esa xalqimizning tinch, osoyishta va sogʻ-salomat hayot kechirishida muhim ahamiyatga ega ekanligi amaliy mashgʻulotlar orqali koʻrsatib berildi.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶