DUNYo MAMLAKATLARIDA YaNGI YIL TARIXIGA NAZAR
Butun dunyoda Yangi yilning boshlanishi, yangi kunning kirib kelishi keng miqyosda nishonlanadi. Yangi yil arafasida yil davomidagi ishlar sarhisob qilinadi, yangidan rejalar tuziladi va turli tadbirlar oʻtkazilib, kelayotgan yil xushkayfiyat bilan kutib olinadi.
Yangi yil bayrami insoniyatning eng qadimgi bayramlaridan biri boʻlib, qadimgi Bobil va qadimgi Misrda eramizdan avvalgi 3000 yillikda birinchi marta nishonlanishni boshlagan. Garchi, Yangi yil sanalari maʼlum tsivilizatsiyalar va madaniyatlarda turlicha nishonlangan boʻlishiga qaramasdan bayramning tub mohiyati bir xilligicha qolib kelgan, yaʼni Yangi yil bu yangilanish, yangi maqsadlar va oʻtgan yilda qilingan ishlar yuzasidan ijobiy tahlil qilishga asoslangan.
Masalan, qadimgi Misrda Yangi yil bayrami Nil daryosining eng toʻlib toshgan davriga, yaʼni sentyabr oylariga toʻgʻri kelgan boʻlib, misrliklar uchun bu davr dexqonchilik uchun yangi davr boshlanishi hisoblangan hamda Ra xudosi sharafiga bayram oʻtkazilib qurbonliklar qilingan. Bobilda yangi yil bahorning birinchi oyidagi yangi oyning tugʻilishi davriga toʻgʻri kelib, dehqonchilik uchun yangi davrning boshlanishi boʻlgan.
Qadimgi Oʻrta Osiyoda yangi yil Zardushtiylik udumlariga koʻra bahorning dastlabki oylarida koʻklamning kelishi va tabiatning uygʻonishi sifatida nishonlangan. Biz hozirgi kunda nishonlaydigan Navroʻz bayramimiz ana shu Zardushtiylardan qolgan urf-odatlarning mevasidir va uni hozirgi dinimiz Islomga umuman aloqadorligi yoʻqdir.
Tarixda birinchi marta rasmiy jihatdan Yangi yil bayrami qadimgi Rim imperiyasida Yuliy Tsezar tomonidan 1-yanvar deb eʼlon qilingan. Bu bayramga asos qilinib, qadimgi Rimdagi Xudolardan biri Janus Xudosi olingan boʻlib, u yangi yilning boshi va eski yilning oxirida tugʻilganligi aytiladi. Lekin shu oʻrinda bir narsani taʼkidlab oʻtish kerakki, Rimliklar kalendari boʻyicha yanvar oyi hozirgi zamonda ishlatiladigan Grigoryan kalendarining mart oyiga toʻgʻri kelgan.
Rim imperiyasining qulashi va Xristianizmning keng tarqalishi bilan Yangi yil bayramini nishonlash har mamlakatda turlicha koʻrinishda oʻtadi. Masalan Angliyada yangi yil aprel oyida nishonlansa, Frantsiyada bu sana Pasxa bayrami haftasining birinchi kuniga toʻgʻri keladi. Xitoyliklarda 20-yanvar va 18-fevral oraligʻida har yilgi kalendarga qarab oʻzgargan. Pravoslav cherkovidagi xalqlarda yangi yil 13-yanvar atrofida nishonlangan, Italiyada esa Yangi yil Iso alayhsalomning tugʻilgan kunida, yaʼni 25-dekabrda nishonlangan. Bu bayram har bir xalqning iqlimi, hayot tarzi va jamiyatining rivojlanishiga qarab oʻzgargan. Oʻrta Osiyo va Yaqin Sharqda bu bayram asosan bahorda nishonlangan. Keyinchalik Islomning kirib kelishi bilan koʻpchilik xalqlar bu bayramni nishonlashdan voz kechishgan. Albatta, Oʻrta Osiyo, Eron va boshqa Navroʻz bayramini nishonlovchi xalqlar bundan mustasno.
Islom diniga koʻra, Yangi yil iyul oylariga toʻgʻri keladi va Muharram deb ataladi. Aynan 622-yil 15 yoki 16-iyuldan boshlab, Musulmonlar uchun Hijriy yil boshlangan hisoblanadi. Lekin bu sanalarning Islomda bayram sifatida oʻtkazilishi hamon bahsli boʻlib qolmoqda. Shia mazhabidagilar uchun bu sana muqaddas hisoblansa, Sunniylarda bu sanani bayram sifatida nishonlash bidʼat sifatida qaraladi.
1582-yilda Papa Grigoryan, eski Yuliy kalendaridagi xatolarni tuzatuvchi yangi kalendarni taklif qiladi. Unga koʻra, yil boshi 25-dekabrda emas, balki 1-yanvarda boshlanishi nazarda tutiladi. Lekin bu kunni bayram sifatida nishonlash haqida Grigoryanning tavsiyalari umuman yoʻq. Bu kalendar faqatgina Yuliy kalendaridagi xatoliklarni tuzatish uchungina taqdim qilingan. Lekin Xristianlarning eng asosiy bayrami 25-dekabrligicha qoldirilgan.
Hozirgi paytda 31-dekabr, yaʼni eski yilning oxirgi kunida dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida Yangi yilni kutib olish maqsadida xursandchilik qilinadi va sovgʻalar ulashiladi.
Charosxon Bobojonova, 15-sonli maktabning bolangʻich sinf oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶