MUROJAATNOMADA ADLIYa VAZIRLIGIGA ANIQ VAZIFALAR QOʻYILDI
Muhtaram Prezidentimiz 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida 2021-yilda jamiyatning har bir sohasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar haqida toʻxtalar ekan “islohotlarimiz samarasini har bir inson oʻz hayotida his etishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida va samarali taʼminlash lozim” – deb taʼkidladi. Ayniqsa, statistik raqamlar bu masalaning qanchalik dolzarbligini koʻrsatib berdi.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, soʻnggi 4-yilda barcha sohalarda keng koʻlamli oʻzgarishlarni amalga oshirish boʻyicha 150 ta qonun, 2 mingga yaqin Farmon va Qarorlar qabul qilingani, lekin joylarda rahbarlar ushbu hujjatlar mazmun-mohiyatini tushunib, berilgan imkoniyatlardan toʻliq foydalanmaganligi, aholi va tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratib bera olmaganligi aytildi. Aytish joizki, Prezidentimizning 2018-yil 13-apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5415-son Farmonida tuman Adliya boʻlimlariga yuklatilgan asosiy vazifalarning biri sifatida hokimlarga hamda davlat organlari va tashkilotlarining tumanlar va shaharlar tuzilmalariga qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni qoʻllash masalalari boʻyicha maslahatlar berish belgilangan edi. Biroq, Murojaatnomada taʼkidlab oʻtilganidek, bu nazorat tizimi amalda koʻproq formal tusga ega boʻlib qoldi.
Shuning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga 2021-yilda bu borada yangi ish tizimini joriy etish vazifasi qoʻyildi. Yaʼni, endilikda Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarma va boʻlimlarining asosiy vazifasi qabul qilingan hujjatlarni masʼullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qoʻllashga koʻmaklashish va nazorat qilishdan iborat boʻladi. Shu maqsadda Adliya vazirligiga zarur vakolat va resurslar beriladi.
Bu borada jamoatchilik ishtiroki va nazorati ham keng yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimi joriy qilinib, bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etiladi. Bundan tashqari, tahlillar asosida ijroga xalaqit berayotgan ortiqcha vazifa va funktsiyalar qisqartiriladi. Davlat idoralaridagi ijro sifati va holatini viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida, respublika darajasida esa – Vazirlar Mahkamasida har oyda tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etiladi.
Murojaatnomaga koʻra Adliya vazirligiga barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan, televideniye orqali “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda”, degan mavzuda koʻrsatuv va chiqishlar tashkil etish, xalqimizga islohotlar mohiyati va natijalarini yetkazib borish tizimini joriy etish vazifasi ham yuklatildi.
Oʻylaymanki, mazkur vazifalarning ijrosi nafaqat idora va tashkilotlarning maʼsuliyatini, balki fuqarolarning huquqiy bilim va madaniyatini ham oshirishga ham yordam beradi. Jamoatchilikning fuqarolik pozitsiyasi, aholining esa mamlakat kelajagiga daxldorlik tuygʻusi mustahkamlanadi.
M.Matyusupov, Amudaryo tuman Adliya boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶