“OZOD YuRTNING OBOD MAHALLASI” NOMLI KOʻRIK-TANLOV OʻTKAZILDI
Mamlakatimizda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida xalqimiz manfaatlariga, ularning turmush sifatini oshirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda.
Amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini har bir fuqaro oʻz hayotida sidqidildan his qilmoqda va koʻnglida jarayonlarga daxldorlik hissi yuksalmoqda. Bu oʻz navbatida aholining kayfiyatini koʻtarib, umuminsoniy qadriyatlarning yanada kuchayishiga, mehr-oqibatning yuksalishiga, yurtimizda inson omiliga qaratilayotgan eʼtibordan faxrlanish hissini uygʻonishiga asos boʻlmoqda.
Yaqinda tumanimizning “Ayoqchi” mahallasi hududida joylashgan 69-sonli maktabda boʻlib oʻtgan “Ozod yurtning obod mahallasi” mavzusida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda ham aynan yurtdoshlarimizning oʻz yurtiga, istiqomat qiladigan mahallasiga hurmati, hududning oʻziga xos tarixidan xabardorligi, kelgusida yana ham ravnaq topishi uchun qoʻshayotgan hissasi koʻpchilik eʼtiboriga havola etildi.
Koʻrik-tanlovda hududning 3 ta oilasi ushbu maktab oʻquvchilari boʻlgan farzandlari bilan ishtirok etdilar. Yaʼni 3 oiladan ota-ona, bir nafar farzand oʻzlarining intellektual salohiyatlarini namoyish etish, gʻolib boʻlish uchun oʻzaro bellashdilar.
Tadbirda “Ayoqchi” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Olloyor Qalandarov, oʻrinbosari Nigora Polvonova va maktabning tajribali oʻqituvchilaridan iborat hakamlar hayʼati ularning har bir chiqishlarini diqqat-eʼtibor bilan kuzatib, odilona baholab bordilar.
Koʻrik-tanlov ishtirokchilari avvalo oʻzlari yashayotgan hududi - mahallasi tarixi, oilasi ahvoli bilan tanishtirib, bellashuvga kelgan aʼzolari haqida maʼlumotlar berishdi.
Shunisi eʼtiborliki, umrguzaronlik qilayotgan zaminimizning har bir qarich yerining oʻz tarixi bor, yurtni yurt sifatida elga tanitishga, rivojlantirishga hissa qoʻshgan fidoyi farzandlari bor.
Bular haqda bilish, albatta, har odamning oʻz yurtiga mehr-muhabbatini oshiradi. Bu boradagi ishtirokchilarning taqdimotini eshitish barcha tomoshabinlar uchun maroqli boʻldi.
Shuningdek, erkin mavzu, rasm chiqish va mazmun-mohiyatini tushuntirib berish, hududimizda yetishtiriladigan, aholi isteʼmol qiladigan sabzavotlarni taʼriflash, tezkor savollarga javob berish, bahru bayt aytishish shartlari ham juda qiziqarli oʻtdi va har biri alohida baholandi.
Natijalarga koʻra, Gulimbetovlar oilasi birinchi, Yoʻldoshevlar oilasi ikkinchi, Bozorboyevlar oilasi esa uchinchi oʻrinni egalladilar.
Ishtirokchilarga mahalla fuqarolar yigʻini va maktab maʼmuriyati tomonidan faxriy yorliq va qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi.
Koʻrik-tanlovni tashkillashtirishda va oʻtkazishda maktab oʻqituvchilari Rustam Vaisov, Barchinoy Ishmatova, Dilshod Boboniyozov, Dilmurod Qodirovlar faollik koʻrsatdilar.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶