UZOQ MASOFADAN MAKTABGA QATNAYDIGAN 50 NAFAR OʻQUVChI-YoShLARGA VELOSIPEDLAR SOVGʻA QILINDI
Amudaryo tumanida 2021-yil davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish boʻyicha dastur ishlab chiqilgan edi. Ushbu dastur ijrosini taʼminlash maqsadida ayni paytda tumanda tegishli mutasaddilar va masʼullar tomonidan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar doirasida yoshlarni ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida tumanning chekka hududlarda joylashgan taʼlim muassasalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taʼminlangan oilalar farzandlari, maktablarga 5-6 km. uzoqlikdan qatnayotgan oʻquvchi-yoshlar roʻyxati shakllantirilgan edi. Ushbu jarayonda tumandagi mavjud 85 ta umumiy oʻrta taʼlim maktabining 1-11-sinf oʻquvchilar orasida 50 nafar oʻquvchi-yoshlar uzoq masofadan maktablarga qatnab, taʼlim-tarbiya olib kelayotganligi aniqlandi.
31-mart kuni tuman hokimligi binosida tashkil qilingan tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev va sektorlar rahbarlari, tuman Xalq taʼlimi boʻlimi, taʼlim muassasalari masʼullari hamda maktablarga uzoq masofalardan qatnayotgan 50 nafar oʻquvchi yoshlar ishtirok etdilar.
Tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev tadbirda soʻzga chiqib, yoshlarga samimiy tilaklarini bildirdi. Yurt kelajagi boʻlgan yoshlarning komil insonlar boʻlib voyaga yetishlari uchun davlatimiz tomonidan yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar haqida gapirdi.
Darhaqiqat, keyingi yillarda yoshlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qator amaliy ishlar qilinmoqda. Oʻtgan qisqa vaqt ichida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tashkil qilindi. Hududlarda «Loyihalar fabrikasi» ish boshladi.
Yosh avlodning sogʻlom oʻsishi, sifatli taʼlim olishi va barkamol shaxs boʻlib voyaga yetishini taʼminlash, shuningdek, yoshlarning madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan «besh muhim tashabbus»ni joriy etish boʻyicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar barcha yoshlarning kelgusi oʻqishlarida aʼlo baholarga oʻqib oʻzlari tanlagan oliy taʼlim muassasalariga kirib, yetuk mutaxassislar boʻlib yetishishlariga ishonch bildirdi. Shundan soʻng, uzoq masofadan maktablarga qatnaydigan 50 nafar oʻquvchilarga 50 dona velosiped topshirildi. Topshirish marosimida sektorlar rahbarlari ham ishtirok etdilar.
Tadbirda faol oʻquvchi-yoshlar soʻzga chiqib, davlatimiz tomonidan yaratilgan barcha imkoniyatlardan unumli foydalanib, buyuk kelajak yaratishga qodir insonlar boʻlib yetishish uchun bor kuch-gʻayrati bilan intilishlarini aytib oʻtdilar.
Tuman hokimligining axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶