SENATOR BILAN UChRAShUVDA UY-JOY QURISh BOʻYIChA IPOTEKA KREDITI VA SUBSIDIYaLAR AJRATISh MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
Davlatimiz rahbari raisligida 2021-yil 3-mart kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida aholini uy-joy bilan taʼminlash boʻyicha ijtimoiy uy-joy qurish va ijaraga berish, ipoteka krediti shartlarini yengillashtirish va birinchi badal uchun subsidiyalar ajratish boʻyicha vazifalar belgilangan edi. Prezidentning bu boʻyicha tegishli Farmoniga koʻra, Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori bilan uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazorati oʻrnatildi. Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari huzuridagi “Xalqparvar” komissiya namunaviy tarkibi hamda namunaviy Nizomi tasdiqlandi.
Uy-joy qurilish va ipoteka bozorini rivojlantirishga doir ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda “Xalqparvar” komissiyasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha oʻrganish ishlarini oʻtkazish boʻyicha tasdiqlangan jadvalga asosan Oliy Majlis Senati aʼzosi, senator Ulugʻbek Jalmenov va Joʻqorgʻi Kenges deputati Xalilla Yeshimbetovlarning Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi huzuridagi “Xalqparvar” komissiyasi aʼzolari bilan uchrashuvi oʻtkazildi.
13-aprel kuni tuman hokimligining majlislar zalida ushbu uchrashuv munosabati bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda tumandagi “Xalqparvar” komissiyasi aʼzolari va tegishli masʼullar ishtirok etdilar. Yigʻilishni Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyat mudiri Mansur Oʻrozboyev ochdi va olib bordi.
Ushbu yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyati hamda “Xalqparvar” komissiyasining jamoatchilik nazoratini tashkil etishdagi vazifalari toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Farmon ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining 2021-yil 26-mart kungi sessiya yigʻilishida senator, deputatlar va jamoat faollaridan iborat tarkibda “Xalqparvar” komissiyasi tashkil etilgani va Nizomi tasdiqlangani maʼlum qilindi.
Yigʻilishda taʼkidlanganidek, Prezidentimizning mazkur Farmoni bilan uy-joy qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga imtiyoz va qulayliklar yaratish nazarda tutilgan. Jumladan, Moliya vazirligi tijorat banklariga pul mablagʻlarini hamda tijorat banklari aholiga ipoteka kreditlarini 6 oylik imtiyozli davr bilan 20-yil muddatga ajratadi.
Shahar va qishloqlarda ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal sotib olinadigan kvartira qiymatining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi. Bunda daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida ajratiladi. Masalan, 300 million soʻmlik uyning boshlangʻich badali 45 million boʻlsa, past daromadli aholi shuning 5 foizini, yaʼni 15 million soʻmini toʻlaydi. Daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga yakka tartibdagi uy-joylarga ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki besh yil mobaynida foiz stavkasining 10 foizlik punktdan oshgan qismini qoplash uchun Davlat byudjetidan subsidiyalar ajratiladi.
Yigʻilishda ishtirok etgan masʼullar tomonidan 2021-yil 1-iyundan boshlab, ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar toʻlashning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinishi va fuqarolar tomonidan subsidiya olish uchun arizalar yil davomida topshirilishi mumkinligi aytib oʻtildi. Shuningdek, “Xalqparvar” komissiyasi tomonidan uy-joylar qurish uchun yer uchastkalarini ajratish, subsidiya toʻlanadigan fuqarolarni tanlab olish boʻyicha ishlarni amalga oshirishda shaffoflik taʼminlanishiga alohida eʼtibor qaratilishi lozimligi toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Shu bilan birga uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj boʻlgan fuqarolar roʻyxatini shakllantirish faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish hamda mazkur sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa maʼmuriy toʻsiqlarning oldini olishga qaratilgan aniq choralarni koʻrilishi kerakligi taʼkidlandi.
Uchrashuvda ishtirok etayotgan tuman ommaviy axboroti vakillariga “Xalqparvar” komissiyasi tomonidan uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda ipoteka kreditlari, subsidiyalar ajratish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni media reja asosida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borish tavsiya qilindi.
Yigʻilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Shunga koʻra masʼullarga topshiriq va vazifalar belgilab berildi.
Ozoda Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶