OChIQ SAYYoR SUDDA OGʻIR OQIBATLI TRANSPORT HODISASIGA DOIR JINOYaT IShI KOʻRILDI
Shu yil 10-iyun kuni Qipchoq shaharcha fuqarolar yigʻini maʼmuriy binosida Jinoyat ishlari boʻyicha Taxiatosh tuman sudi tomonidan ochiq sayyor sud majlisi oʻtkazildi. Ushbu sayyor sud majlisida sud raisi Arman Koshanov, davlat ayblovchisi Amudaryo tuman prokurorining yordamchisi Abboz Niyazimbetov hamda fuqarolar yigʻini masʼullari ishtirok etdilar. Sud majlisida ogʻir oqibatli transport hodisasini sodir qilgan Qipchoq shaharchasi fuqarosi qarshisiga toʻplangan jinoyat ishini koʻrib chiqildi.
Ushbu fuqaro muqaddam Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddasida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topib, 3-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan, tegishli asosga koʻra 2-yilga shartli hukm qilingan, soʻng amnistiya asosida jazodan ozod etilgan edi. Shundan toʻgʻri xulosa chiqarishi kerak boʻlishiga qaramasdan, mast holatda avtomobil boshqarib, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan.
Sud majlisida sudlanuvchining, jabrlanuvchining va guvohning koʻrsatuvlari, taraflarning fikrlari, sudlanuvchining himoya va oxirgi soʻzlari tinglandi. Jinoyat ishi hujjatlari oʻrganib chiqilib, ishda toʻplangan dalillarga baho berildi.
Sudda aniqlangan xolatlarga koʻra, ushbu fuqaro 2021-yil 24-fevral kuni oʻziga tegishli boʻlgan avtomashnasini «Yoʻl harakati qoidalari»ning tegishli bandida koʻrsatilgan talablarni qoʻpol ravishda buzib, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan mast holatda boshqargan. Ovul hududidagi tuproq qoplamali ichki yoʻlda, tuproq yoʻlni kesib oʻtgan zahkash ustidagi koʻprikdan oʻtayotganda, «Yoʻl harakati qoidalari»ning 77-bandida koʻrsatilgan talablarni buzib, boshqaruvni yoʻqotishi natijasida zahkashga tushib ketib, yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan.
Natijada, uning boshqaruvidagi transport vositasida boʻlgan yoʻlovchi ogʻir tan-jarohatini olib, shifoxonaga yotqizilgan va koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan. Sudga oid tibbiy ekspertizasi xulosasida jabrlanuvchi yuqori nafas yoʻllarining suv bilan tiqilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya, oʻtkir nafas olish va koʻp organlarning yetishmovchiligi, chap yelka va chap tizza sohalarining qontalashi kabi jarohatlar olganligi, bu uning oʻlimiga sabab boʻlganligi koʻratilgan.
Shunga koʻra, ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisasini sodir qilgan ushbu fuqaro oʻzining yuqoridagi harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda ayblangan.
Sud majlisida sudlanuvchi oʻzining aybiga toʻliq iqrorlik bildirdi. Hodisa sodir boʻlgan kuni oʻziga tegishli avtomashinani boshqarib borayotganida boshqaruvni yoʻqotib zahkashga tushib ketganligi, shu paytda mashinada boʻlgan yoʻlovchini darrov kasalxonaga olib ketilgani, unga dori va boshqa xarajatlariga yordamlashib turganligi, koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan olamdan oʻtganligini aytib oʻtdi.
Sud majlisida ishtirok etgan jabrlanuvchining qonuniy vakili, marhumning turmush oʻrtogʻi, sudlanuvchining dori va boshqa xarajatlarga moddiy tomondan yordam berib turganligini, dafn marosim va maʼrakalariga yetkazilgan moddiy zarar ham toʻliq qoplab berilgani, sudlanuvchiga nisbatan hech qanday daʼvosi yoʻqligi va uni kechirganligini bildirib koʻrsatma berdi.
Sudlanuvchiga jazo tayinlashda, uning oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlib, sodir qilgan qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, oilali, qaramogʻida uch nafar farzandi borligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlar bartaraf qilganligi, jabrlanuvchining qonuniy vakilining sudlanuvchiga hech qanday daʼvosi yoʻqligi eʼtiborga olindi. Sudlanuvchini jamiyatdan ajratmagan holda tarbiyalash mumkin degan xulosaga kelinib, uning mehnatga qobiliyatli ekanligini eʼtiborga olinib, 3-yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi asosiy jazo sifatida qoʻllandi va muayyan muddatga avtotransport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi qoʻshimcha jazo sifatida tayinlandi.
Elyor Jumaniyozov, sudya yordamchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶