KASBGA MUHABBAT KAMOLOTGA YeTAKLAYDI
Oybek nomli mahalladagi 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi Shahnoza Qilicheva kasbidan kamol topayotgan ayollardan biri. U 2009-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetini maktabgacha taʼlim va bolalar sporti ixtisosligi boʻyicha tamomladi va shu yili 29-sonli maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi boʻlib ish boshladi.
U yerda ikki yil samarali faoliyat yuritib, 2011-yilda 8-sonli umumtaʼlim maktabiga psixolog boʻlib ishga kirdi. Ushbu maktabdagi 5-yillik faoliyati mobaynida bola psixologiyasi boʻyicha egallangan tajriba Sh.Qilichevaning 2016-2019-yillarda 16-sonli umumtaʼlim maktabida boshlangʻich sinf oʻqituvchisi sifatida faoliyat yuritishida qoʻl keldi. U 2019-yildan hozirga qadar 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi sifatida faoliyat olib bormoqda.
Shahnoza samarali mehnat faoliyati davomida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Shuningdek, uning taʼlim-tarbiya sohasi rivojiga qoʻshayotgan beqiyos hissasi «Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30-yilligi» esdalik nishoni bilan munosib ragʻbatlantirildi.
Sh.Qilicheva rahbarlik qilayotgan 6-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti bugungi kunda tumanimizdagi namunali taʼlim-tarbiya maskanlaridan biri hisoblanadi. Tashkilotning yangi, zamonaviy shart-sharoitlarga ega boʻlgan binosi joriy yil aprel oyida qurib bitkazilgan boʻlib, muassasada tarbiyachilar hamda tarbiyalanuvchilar uchun barcha qulayliklar mavjud.
Tarbiya maskanida tarbiyalanuvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2019-yilda tashkilotda 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 125 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2020-yilda 280 nafarga yetkazildi. Hozirda tashkilotda 5 ta asosiy, 4 ta qisqa muddatli guruhlar, 1 ta majburiy taʼlim guruhlari faoliyat yuritmoqda. Tashkilotning toʻliq kunli maktabga tayyorlov guruhlarida 30 nafar, turli yoshdagi guruhlarida 120 nafar, qisqa muddatli guruhlarida 100 nafar, majburiy bepul taʼlim guruhlarida 30 nafar tarbiyalanuvchilar tarbiyalanmoqdalar. Ushbu guruhlarda 20 nafar pedagog-tarbiyachilar bolajonlarga taʼlim-tarbiya berishmoqda. Ularning 10 nafari oliy maʼlumotli mutaxassislardir.
Oʻz kasbini sevgan, fidoyilik bilan mehnat qilgan inson el-yurt orasida hurmat-eʼtibor, qadr topadi. Sh.Qilicheva kabi kasb fidoyilarini Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami bilan tabriklaymiz.
Charos Arslonova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶