SAYLOV UChASTKALARIDA XALQIMIZ UYuShQOQLIK BILAN OʻZLARI TANLAGAN NOMZODLARGA OVOZ BERMOQDALAR
24-oktyabr tongi yurtimizda oʻzgacha shukuh va koʻtarinki ruhda qarshi olindi. Buning boisi, yurtdoshlarimiz zimmalaridagi yuksak masʼuliyatni chuqur his qilgan holda oʻz yashash hududlaridagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov uchastkalariga borib, oʻzlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz berishga shoshilmoqdalar.
Bu yilgi Prezident saylovi ilk bora Saylov Kodeksi asosida yangicha sharoitda, demokratik tamoyillarga toʻla amal qilingan holda oʻtmoqda. Saylov uchastkalarida saylovchilarning bemalol kelishi, ovoz berishi uchun zarur sharoitlar yaratildi, maxsus jihozlangan xonalar, transport, aloqa vositalari va yuqori tezlikda ishlaydigan internet tarmogʻiga ulanish imkoniyati bilan taʼminlandi. Qisqasi, saylovni milliy saylov qonunchiligi talablari, ochiqlik va oshkoralik, shaffoflik tamoyillariga toʻla amal qilgan holda oʻtkazish uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Mangʻit shahri markazida, tuman Madaniyat boʻlimi binosida joylashgan 88-sonli saylov uchastkasida ham muhim siyosiy tadbir – Oʻzbekiston Prezidenti sayloviga puxta taraddud koʻrildi. Maxsus xonalar, ovoz berish kabinalari taxt qilib qoʻyilgani ayni saylov kunida saylovchilarning oʻzlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz berish jarayonini qonun talablari asosida oʻtkazish imkonini bermoqda.
Uchastkada jami 2422 nafar saylovchi ovoz beradi. Shularning 98 nafari ilk bora saylovda ishtirok etadigan yoshlardir. Saylovdan oldin hududda yashaydigan turli millat vakillaridan iborat ziyoli, obroʻ-eʼtiborli kishilardan saylangan uchastka saylov komissiyasi aʼzolari ushbu muhim va masʼuliyatli tadbir haqida keng tushuntirish, targʻibot ishlarini olib borishgani oʻzining ijobiy samaralarini berdi.
Ertalabdanoq saylovchilar yuksak masʼuliyatni his qilgan holda saylov uchastkasiga kelib, munosib nomzodga ovoz bera boshladilar.
Mazkur saylov uchastkasida 5 nafar saylovchi maʼlum sabablarga koʻra muddatidan oldin saylov qonunchiligimizga amal qilgan holda ovoz berishdi. Saylov kuni hududdagi keksa va bemor kishilarning xonadonlariga borib, ularning ham saylovda ovoz berishini taʼminlash choralari koʻriladi.
Ayni paytda saylov uchastkasida ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
Oygul Rajabova

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶